14:11 / 28.11.2020
4335

Soliqchilar va banklar o‘rtasida ma'lumotlar almashish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining «Soliq ma'murchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan soliq to‘lovchining bank hisobvaraqlari bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha soliq organi va bank tizimi o‘rtasida elektron ma'lumot almashish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Foto: Depositphotos

Norma’ning yozishicha, nizom soliq to‘lovchining soliq qarzdorligini undirishda (to‘lashda) hamda bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishda (to‘xtatib turishni bekor qilishda) soliq organi va bank tizimi o‘rtasida elektron ma'lumotlar almashish tartibini belgilaydi.
 
Nizom qoidalari soliq majburiyatiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar, chet el yuridik shaxsining O‘zbekistondagi doimiy muassasasi va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etiladi.
 
Soliq organi inkasso topshiriqnomasi orqali soliq to‘lovchilarga ortiqcha undirilgan pul mablag‘lari uchun javobgar hisoblanadi.
 
Banklar qonun hujjatlariga muvofiq soliq organi va bank tizimi o‘rtasidagi ma'lumotlar almashinuvini ta'minlash maqsadida uzatiladigan va qabul qilinadigan ma'lumotlarni Markaziy bank va DSQ tomonidan tasdiqlangan texnik hujjatlarga mos holda qabul qilish, qayta ishlash va uzatish bo‘yicha majburiyatni o‘z zimmasiga oladi.
 
Bank tomonidan soliq to‘lovchining hisobvarag‘ida pul mablag‘i yo‘qligi (yetarli emasligi) sababli qabul qilib olingan to‘lov topshiriqnomasi yoki soliq organi inkasso topshiriqnomasining bajarilmaganligi to‘g‘risida elektron ko‘rinishdagi bank xabarnomasi ushbu nizomga ilova qilingan shaklda keyingi kundan kechiktirmay soliq organiga yuboriladi.
 
Bank tomonidan yuborilgan xabarnoma ma'lumotlari DSQ tomonidan soliq to‘lovchi shaxsiy kartochkasiga yoki inkasso topshiriqnomalari menyusiga avtomatik ravishda yoziladi.
 
To‘lov yoki inkasso topshiriqnomasi to‘liq ijro qilingan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda bank tomonidan soliq organiga elektron xabarnoma yuboriladi.
 
Shuningdek nizomda quyidagilar belgilangan:

  • to‘lov va inkasso topshiriqnomalari asosida soliqlar va yig‘imlarni undirish (to‘lash) tartibi;
  • soliq to‘lovchining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishi tartibi (soliq to‘lovchilarning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishi soliq organi tomonidan ushbu nizomda ilovada keltirilgan shakldagi qarorga asosan 10 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga soliq to‘lovchilarning soliq majburiyatlari bajarilishini ta'minlash uchun SKning 111-moddasida belgilangan tartibga amalga oshiriladi. Soliq organi tomonidan soliq to‘lovchining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib turishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan e'tiboran 10 kun muddatda sudga iltimosnoma bilan murojaat etilmagan taqdirda, soliq to‘lovchining hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatilishi bank tomonidan bekor qilinadi. Bunda soliq organi tomonidan sudga yuborilgan iltimosnomaning nusxasi tegishli bankka elektron shaklda onlayn rejimida yuborilishi shart);
  • banklar tomonidan soliq organi qarorining bajarilishi tartibi.

Hujjat 21.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Top