22:07 / 29.11.2020
70934

Alisher Usmonov qay tarzda boylik orttirgan?

Namangan viloyati Chust tumanida tug‘ilgan Alisher Usmonov Rossiya fuqarosi sanalsa-da, o‘zbek ekanidan faxrlanishini bir necha bor ta'kidlagan. Shu boisdan uni ayni paytda jahondagi eng boy o‘zbek deya ta'riflash mumkin. Faqat ochiq manbalarda bor ma'lumotlarga asoslangan holda, albatta.

Foto: Sergey Savostyanov/TASS

67 yoshli milliarder ma'lum muddat Rossiya boylari orasida yetakchilik qilgan. Dunyo boylari reytingiga ham muntazam kirib turadi. Xo‘sh, Alisher Usmonov qanday qilib boylik orttirgan?

2005 yilga qadar Alisher Usmonov nomi jamoatchilikka unchalik ham tanish emasdi. 2000-yillarning boshi Rossiyada Abramovich, Deripaska, Lisin, Potanin kabi milliarderlarning oltin davri edi (albatta, bu boyvachchalar hozir ham kambag‘allashib qolishgani yo‘q). Aynan 2005 yilda Alisher Burxonovich o‘zining 2 mlrd dollari bilan Rossiya milliarderlari yigirmataligiga kirgan.

2008 yildagi jahon moliyaviy inqiroziga qaramay, 2012 yilda Usmonov 18,1 milliard dollar boyligi bilan Rossiya milliarderlari ro‘yxatida mutlaq yetakchiga aylandi. U 2010 yilda ham 14-o‘rinni egallab turgandi.

Ma'lumot uchun: So‘nggi reytinglarga ko‘ra, Alisher Usmonov 18,3 mlrd dollar bilan Rossiya boylari orasida 5-o‘rinni egallagan. Uning boyligi 2020 yil boshidan noyabr oyigacha 1,62 mlrd dollarga ko‘paygan va u reytingning yuqori o‘ntaligiga kiruvchi milliarderlar orasida kapitali ko‘paygan yagona kishi bo‘lgan.

Foto: Artem Korotayev / TASS

Yana bir qiziq jihat: «Internet qit'alarni bog‘lab turgan kemaga o‘xshaydi» degan so‘zlar Alisher Usmonovga tegishli. Xo‘sh, sizningcha u bu so‘zlarni Facebook internet gigantiga sarmoya tikkan 2009 yilda aytganmi? Yo‘q! Bu so‘zlar aytilganida hali olis 2000 yil edi. Texnologik kompaniyalar dunyoni zabt etishi tezlashgan bu davrda hammaning ko‘z o‘ngida Tsukerberg yoki Sergey Brin emas, Bill Geyts namoyon bo‘lardi.

Ana endi sarlavhadagi savolga bevosita javob bersak bo‘ladi. Alisher Usmonov «Metalloinvest» kompaniyasining asosiy sarmoyadori bo‘lgani uchun uni «metallchi boy» deb atash bugungi kun nuqtayi nazaridan xato bo‘ladi. Albatta, dastlabki yirik kapitalini u foydali qazilmalardan topgan bo‘lishi mumkin, lekin uni dunyoga tanitgan va yetakchilikka erishtirgan sarmoyalar bu – yuqori texnologik kompaniyalarga o‘z vaqtida tikilgan pullardir.

Hozirda hisob-kitoblarga ko‘ra, uning umumiy boyligida bunday kompaniyalarning ulushi 60 foiz atrofida.

Uning oxirgi yillardagi ayrim sarmoyalari quyidagicha:

1. 2006 yilda «Kommersant'» nashriyot uyi;

2. 2007 yilda «MuzTV» telekanali;

3. 2007 yilda Londonning «Arsenal» futbol klubi (u klubdagi barcha 30 foiz aksiyasini 2018 yilda 713 mln dollarga sotdi);

4. 2008 yilda «Megafon» aloqa kompaniyasi;

5. 2009 yilda Facebook ijtimoiy tarmog‘i;

6. 2010 yilda Mail.ru portali;

7. 2012 yilda USM xoldingining asosiy qismi (bu xolding tarkibiga «Metalloinvest», «MegaFon», «Skartel», «Mail.ru Group», «Disney Russia», «Muz-TV», «Yu» kabi telekanallar kirardi; mail.ru ortidan «VKontakte», «Odnoklassniki», «Moy Mir», «ICQ» messenjeri kabi aktivlar ham shular qatorida);

8. 2013 yilda Apple gigantining 100 million dollarlik aksiyalari (keyinchalik u bu aksiyalarni yaxshi foyda bilan sotib, Xitoyning texnologik kompaniyalari aksiyalarini sotib olgan).

Aynan shu va shu kabi sarmoyalar Alisher Usmonovning milliarderlar yetakchisiga aylanishiga sabab bo‘lgan.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top