09:52 / 29.11.2020
9831

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish holatini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘lib, suyultirilgan gaz quyish sexida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.

 “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida mavjud propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasining 1-,2-,5-navbatlarini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida yillik suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi qo‘shimcha 61 ming tonnaga oshishini inobatga olgan holda, suyultirilgan gaz quyish sexida qo‘shimcha 7 dona mahsulot saqlash idishlarini o‘rnatish va ishga qo‘shish ishlari hamda sexda mavjud 18 ta 200 kub metr va 18 ta 250 kub metrlik mahsulot saqlash idishlarining ishchi holati o‘rganildi.

 Ta’kidlash kerakki, 2019 yilda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan aholi ehtiyojlarini qondirish uchun kunlik o‘rtacha 1299 tonna suyultirilgan gaz yuklangan bo‘lsa, 2020 yilning 1-yarmida mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanib, qurilmalarni uzluksiz, bir maromda va to‘xtalishlarsiz ishlatish hisobiga, o‘rtacha 1370 tonna suyultirilgan gaz “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda yuklangan.

 Mahalliylashtirish dasturi doirasida “O‘zbekximmash” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan, sig‘imi 200 kub metrdan bo‘lgan yetti dona suyultirilgan gazni saqlash idishlarini o‘rnatish bilan bog‘liq barcha ishlar yakunlangan. Mahsulot saqlash maydonchasi atrofida obodonlashtirish, jumladan, bo‘yoqlash, izolyatsiya qilish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

 Tashrif davomida xo‘jalikda olib borilgan ishlar va respublika aholisining maishiy ehtiyoji uchun yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz mahsuloti realizatsiyasi bilan tanishildi. Mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortayotganligini inobatga olib, yangi o‘rnatilgan mahsulot saqlash idishlarini tarmoqqa ulash, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik, kecha-yu kunduz ish tashkil qilib, maksimal darajada aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash kerakligi to‘g‘risida topshiriqlar berildi.

 Ta’kidlash kerakki, avgust–oktyabr oylarida “Muborak” gazni qayta ishlash zavodi hamda Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarning foydalanishga topshirilishi natijasida “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalari tomonidan aholi ehtiyojlarini qondirish uchun kunlik 1800 tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

 Suyultirilgan gazga bo‘lgan katta ehtiyojni hisobga olib, dekabr oyida “Gazli” gazni qayta ishlash zavodida propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasi foydalanishga topshiriladi. Buning natijasida yiliga qo‘shimcha ravishda 80 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

 “O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ
 

Mavzuga oid
Top