00:21 / 30.11.2020
2464

Formula-1: Lyuis Hemilton Bahrayn gran-prisida g‘alaba qozondi

Foto: Twitter/F1

Mercedes jamoasi a'zosi, britaniyalik poygachi Lyuis Hemilton Bahraynda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikki bosqichdan birinchisida g‘alaba qozondi. E'tiborlisi, ushbu bosqichdagi g‘alaba Hemilton uchun hech narsani hal qilmasdi, chunki u Turkiyada o‘tgan avvalgi bosqichda chempionlikni muddatdan oldin rasmiylashtirib qo‘ygandi.

Bahrayndagi poygada 2- va 3-o‘rinlarni Red Bull a'zolari Maks Ferstappen va Aleksander Albon egalladi. 

Poyga bir nechta ko‘ngilsiz hodisalar bilan kechdi va uni 3 poygachi yakunlay olmadi. Poyga boshida Haas a'zosi Romen Grojanning bolidi “Alfa Tauri” a'zosi Daniil Kvyat bolidi bilan to‘qnashib ketgandan keyin to‘siqqa urilgan va zarba natijasida portlab ketgan. Grojan mashinadan chiqib olishga muvaffaq bo‘lgan, biroq uni ehtiyot chorasi sifatida shifoxonaga olib ketishga to‘g‘ri kelgan. Ushbu to‘qnashuv poyganing 1,5 soat to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan. 

Poyga davom ettirilgandan ko‘p o‘tmay “Reysing Poynt” a'zosi Lens Stroll bolidi to‘nkarilib, trassa chetiga chiqib ketgan. Finishga ikki aylana qolganda esa Strollning jamoadoshi Serxio Peres bolidining motori yonib ketgani sababli poygadan chiqib ketgan.

Ushbu g‘alabadan keyin Hemiltonning umumiy ochkolari soni 322 ochkoga yetdi. Umumiy jadvalda undan keyin 2-o‘rinni 201 ochko bilan Valtteri Bottas, 3-o‘rinni esa 189 ochko bilan Ferstappen egallamoqda.

Hemilton ushbu poygada 7 karra jahon chempioni sifatida ishtirok etdi. U Turkiyada o‘tgan avvalgi bosqichda muddatdan oldin chempionlikni rasmiylashtirib, chempionlik unvonlari soni bo‘yicha afsonaviy Mixael Shumaxerga yetib olgandi. Bundan tashqari, ushbu g‘alaba britaniyalikning faoliyatidagi 95 g‘alaba bo‘ldi va u bu borada tarixdagi eng yaxshi natijaga ega.

Poyganing keyingi bosqichi ham Bahraynda 4-6 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top