22:19 / 30.11.2020
21773

Moldovaning yangi prezidenti Rossiya gazi uchun to‘planib qolgan qarz qaytarilmasligini aytdi

 Sandu 20 noyabrda prezident saylovida g‘alaba qozonganidan keyinoq Kishinyov Dnestrbo‘yiga Rossiya gazi yetkazib berilganligi uchun qarzdorlikni tan olmasligi ma'lum bo‘lgandi.

Foto: Getty Images

 Moldovaning saylangan prezidenti Mayya Sandu Dnestrning Kishinyovga bo‘ysunmaydigan chap sohilidagi hududlar iste'molchilari sababli gaz uchun Rossiya oldida to‘planib qolgan qarzni to‘lashni rad etdi

 Uning qayd etishicha, Moldovaning qarzi 7,5 milliard dollardan ortiqroq. Shu bilan birga, Dnestrbo‘yidan farqli ravishda, daryoning o‘ng sohilidagi hududlar iste'molchilarining «Gazprom» oldida qarzdorligi yo‘q.

«Albatta, biz, o‘ng sohildagilar Dnestrbo‘yining qarzini to‘lashimizni kutmaslik kerak. Bu adolatsizlik», — dedi u.

 Sandu 20 noyabrda prezident saylovida g‘alaba qozonganidan keyinoq Kishinyov Dnestrbo‘yiga Rossiya gazi yetkazib berilganligi uchun qarzdorlikni tan olmasligi ma'lum bo‘lgandi.

 «Biz bu qarzni hech qachon tan olmaymiz. Bu Dnestrbo‘yi "hukumati"ning qarzi va bizdan bu gazni olish-olmasligimiz to‘g‘risida hech kim so‘ramagan», — degandi Sandu «Yevropeyskaya pravda»ga bergan intervyusida.

 Avvalroq Sandu Dnestrbo‘yidan Rossiya qo‘shinlari olib chiqib ketilishi shartligini aytgandi.

 «Gazprom» hisobotiga ko‘ra, Rossiya savdo-sanoat palatasi huzuridagi xalqaro tijorat hakamlik sudi uning «Moldovagaz»dan 246 million dollardan ortiq mablag‘ undirish to‘g‘risidagi da'vosini qanoatlantirgan. Bu mablag‘ 2017 yilda yetkazib berilgan gaz uchun qarzni to‘lashga yo‘naltirilishi lozim.

Tan olinmagan Dnestrbo‘yi Moldova Respublikasi 1990 yilda tashkil topgan.

Top