21:41 / 01.12.2020
17343

O‘zbekistondagi ikkita sement zavodi gaz bosimi pasayishi sabab mahsulot ishlab chiqarishni to‘xtatdi

«Quvasoysement» va «Ohangaronsement» gaz bosimi pasayib ketgani sabab sement ishlab chiqarishni to‘xtatdi, deya xabar bermoqda Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi.

Ma'lum qilinishicha, so‘nggi kunlarda havo haroratining keskin pasayishi aholining gazga bo‘lgan ehtiyojini oshirgan. Natijada sement ishlab chiqaruvchilarga yetkazib beriladigan gaz bosimining pasayishiga o‘z ta'sirini ko‘rsatgan.

Buning oqibatida esa «Quvasoysement» va «Ohangaronsement» tomonidan sement ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan. Shu boisdan, ikkala ishlab chiqaruvchining sement mahsuloti o‘tgan haftada fond birja ro‘yxatiga olinmagan.

Mazkur vaziyatdan kelib chiqib, bo‘lib o‘tgan savdolarning o‘rtacha kunlik hajmi 30 ming tonnani tashkil etgan. Bu avvalgi belgilangan 46 ming tonna hajmdagi savdolarga nisbatan 34 foizga kamayganligini ko‘rsatmoqda.

Sotilgan sement hajmi 141 ming 919 tonnani tashkil etgan. Bu avvalgi kimoshdi savdosida sotilgan sement hajmidan 68 ming 456 ming tonnaga kamdir. Bu holat savdo hajmining ham pasayishi, uning narxining oshishiga olib kelgan. Hafta boshida 1 kilogramm sement 512 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hafta oxirida u 539,1 so‘mgacha (yoki 5 foizga) ko‘tarilgan.

Mazkur holat savdo ishtirokchilari kamayishiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Sotuvchilar 1054 dan 817 nafarga kamaygan bo‘lsa, xaridorlar 556 nafardan 373 nafargacha kamayganini kuzatish mumkin.

25 noyabr kuni telegramdagi Bakiroo kanali muallifi ijtimoiy tarmoqda bildirilgan ma'lumotga asoslanib, «sement ishlab chiqaruvchi gigantlar «Ohangaronsement» va «Quvasoysement» ishlab chiqarish quvvatlari gaz ta'minotidan uzilgan»i haqida xabar bergandi. Kanal muallifining yozishicha, bu holat garchi mavsum bo‘lmasa-da, sement narxlarining keskin ko‘tarilishiga olib kelgan.

Keyinroq Energetika vazirligi O‘zbekistonda sement ishlab chiqaruvchi zavodlarga elektr energiyasi yetkazib berilishi to‘xtamaganini ma'lum qildi.

Tovar xomashyo birja ma'lumotiga ko‘ra, shu yilning 20 noyabr kuni «Ohangaronsement» AJ tomonidan birja savdolariga qo‘yilgan portlandsementning (PsX) 1 tonnasi o‘rtacha 504 ming so‘mdan sotilgan. Shu kuni «Quvasoysement» AJ tomonidan savdoga qo‘yilgan M-400 sementining 1 tonnasi o‘rtacha 631 ming so‘mga sotilgan.

23 noyabr kuni «Ohangaronsement» AJ birja savdolarida ishtirok etmagan. Shuningdek, «Quvasoysement» AJ ham bozorda taklif bildirmagan. 20 noyabrda 40 ming 394 tonna turli sifatdagi sement birja savdolariga qo‘yilgan bo‘lsa, uch kun o‘tib, ushbu ko‘rsatkich qariyb 9 ming tonnaga kamaygan. 24 noyabr kuni yakunlangan birja savdolarida 1 tonna sementning o‘rtacha narxi 520 so‘mgacha ko‘tarilgan bo‘lib, 4 kun ichida o‘rtacha 20 so‘mlik narx oshishi kuzatilgan. «Ohangaronsement» AJ va «Quvasoysement» AJ birja savdolarida 24 noyabrda ham ishtirok etmagan.

Birja vakili Kun.uz’ga bergan intervyusida keyingi yil fevral oyiga qadar sement narxi keskin ko‘tarilishi kuzatilmasligini aytib o‘tgandi.

Top