12:21 / 01.12.2020
19745

Yangiyo‘ldagi gaz portlashi. Aholi avvalroq metan gaz quyish shoxobchasiga ulangan quvur bo‘yicha xavotir bildirgandi

30 noyabr kuni Yangiyo‘l tumani, Qirariq MFY, Istiqlol ko‘chasi, 80-uyning ostidan o‘tgan yuqori bosimli gaz quvuridan sizib chiqqan gaz xonadonga tarqalib, havo aralashmasi bilan qo‘shilib, uyda elektr chirog‘ining yoqilishi natijasida portlash sodir bo‘ldi. Mazkur voqea oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani xabar qilindi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining birlamchi ma'lumotiga ko‘ra, chaqnashning asosiy sababi sifatida tabiiy gazdan foydalanish qoidalari buzilishi taxmin qilinmoqda.

Mahalliy aholining aytishicha esa, xonadon yaqinida yerosti polietilen gaz quvuri o‘tgan bo‘lib, u orqali metan gaz quyish shoxobchasiga yoqilg‘i yetkazib berilgan. Ushbu ma'lumotni «Hududgazta'minot» AJ Yangiyo‘l tuman filiali rahbari Umid To‘ychiyev ham tasdiqladi.

Portlash yuz bergan paytda uyda bo‘lmay, tezkor xabardan so‘ng zudlik bilan ortga qaytgan Fazliddin Usmonovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, quvurdan sizib chiqayotgan gaz isi xonadon egalarini bezovta qilgan va bir necha marta mutasaddilarga shikoyat qilingandi.

«Bu yerdan gaz chiqib turganini ancha avvaldan bilardik. Ancha joyga murojaat ham qilganmiz. Tezkor xabardan so‘ng, yetib kelsam, odamlar marhumning turmush o‘rtog‘i va qizini oshxonadagi vayronalar ostidan olib chiqishayotgandi. Marhumning jasadini esa beton bosib qolgandi. Avvaliga o‘g‘lini topolmadik. Bir soatlardan so‘ng FVV xodimlari bolaning jasadini betonlar orasidan topishdi», — deydi ushbu xonadonga yon qo‘shni bo‘lgan Fazliddin Usmonov.

O‘tgan yili 11 noyabr kuni Quyi Chirchiq tumanining Surum mahallasidagi namunali uy portlashi oqibatida bir oilaning 3 a'zosi vafot etgan va 3 kishi butun umrga majruh bo‘lib qolgandi. O‘shanda ham portlashga namunali loyiha asosida qurilgan uylar yaqinidan o‘tkazilgan yerosti polietilen gaz quvuri sabab bo‘lgandi.

Qirariq MFY raisi Lola Shonazarovaning aytishicha, Quyi Chirchiqdagi voqeadan so‘ng, mahalla faollari mutasaddilarga murojaat bilan chiqqan.

«Hech kim kelmagan, ijobiy hal etilmagan. Shu yelim quvur bilan tortilgan gaz aslida metan gaz quyish shoxobchasiga yetkazib beriladi. Aholi uchun qishda gaz yo‘q, lekin tadbirkorlar foydalanadi. Oqibatda aholiga mana shunday ziyoni tegyapti. Bitta oila parokanda bo‘lib ketdi», — dedi mahalla raisi.

«Hududgazta'minot» AJ Yangiyo‘l tuman filiali rahbari Umid To‘ychiyev esa quvurdan gaz sizib chiqish to‘g‘risidagi aholi murojaatidan bexabarligini bildirdi.

«Murojaatlarni ko‘tardim, ularning shikoyatida gaz bosimi past, deb berilgan. Gaz hidi chiqyapti degan mazmundagi murojaat yo‘q. Har bir murojaatni o‘zim ko‘raman. Agar ularda murojaat nusxasi bo‘lsa, bersin», — dedi u.

To‘ychiyevning aytishicha, yerostidan metan gaz quyish shoxobchasiga o‘tkazilgan polietilen gaz quvuriga «Hududgazta'minot» emas, balki «O‘ztransgaz» AJ xizmat ko‘rsatadi. Portlash yuz bergan xonadonda esa gaz jihozlari bus-butun turibdi, ya'ni uy ichidagi gaz jihozlaridan gaz sizib chiqmagan.

Toshkent viloyati prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Yangiyo‘l tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 258-moddasi 2-qismi, a,b bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakuni bo‘yicha barcha daxldor shaxslar doirasi qamrab olinib, javobgarlik masalasi hal qilinishi Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani aytiladi.

Top