20:48 / 02.12.2020
9831

«Katta bo‘lsam, dodamga yordamchi bo‘laman» - oddiy bo‘lmagan bolalarning oddiy orzulari

O‘zbekistonda 732 ming nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar bor. Ularning 100 ming nafardan ko‘prog‘i – 16 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Imkoniyati cheklangan bolalarning 21 363 nafari ta'lim bilan qamrab olingan – ular respublikada mavjud 86 ta jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bor bolalar uchun ixtisoslashgan maktab va maktab-internatlarda tahsil olishadi.

Shulardan biri – Toshkent shahridagi 25-sonli imkoniyati cheklangan bolalarga ixtisoslashtirilgan maktab.

3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan maktab o‘quvchilari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Bu haqda tadbirni kuzatgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Bolalar ham multqahramonlar, fokuschi va qo‘shiqchilarning tomoshasidan zavq olishdi, ham she'r va qo‘shiq borasida o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi.

«Maktabda matematika, alifbe fanlari yoqadi. Katta bo‘lsam, dodamga yordamchi bo‘laman. Bugungi bayram zo‘r», – deydi maktabning 6-sinf o‘quvchisi Farrux bola tili bilan.

Mazkur maktabda 224 nafar ruhiy buzilishlari bo‘lgan o‘quvchilar tahsil oladi.

«Bolalar umumta'lim fanlarini o‘qish bilan birga, chilangarlik, duradgorlik, tikuvchilik, shaxmat-shashka, sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullantiriladi. Har bir bola alohida yondashuvni talab qilgani bois, pedagog xodimlar ular bilan individual shug‘ullanishga harakat qilishadi», – deydi maktab direktori Madina Kurvanbekova.

Madina Kurvanbekova

YUNISEF ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bor bolalarning nafaqa olish huquqiga ega bo‘lishi oson emas. Buning uchun ular nogironlikni belgilashning murakkab jarayonidan o‘tishlari kerak, bu jarayon esa mablag‘ sarflashni talab qiladi. Shu sababli nogironligi mavjud bolalarning qariyb yarmi (48 foizi) ana shu nafaqani olmayapti.

Top