21:04 / 02.12.2020
27009

To‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun jarimalar kamaytirilishi mumkin

Deputatlar bunday qoidabuzarlik necha marta sodir etilishidan qat'i nazar, jarimani BHMning 1 baravari etib belgilamoqchi. Amaldagi tartibga ko‘ra, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish BHMning 3 baravaridan 10 baravarigacha jarima bilan jazolanadi. Avvalroq Toshkentning markaziy ko‘chalarida parkomatlar o‘rnatilishi ma'lum bo‘lgandi.

To‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarima miqdorlari O‘zbekistonda juda yuqori, deb hisoblamoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zolari. Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyev xabar berdi.

Qo‘mita taklifiga asosan, mazkur huquqbuzarlik uchun jarimani BHMning bir baravari (223 ming so‘m) miqdorida belgilanishi mumkin.

Shuningdek, huquqbuzarlikni takroran sodir etilganda, jarima miqdorini oshishi ham bekor qilinishi kutilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi BHMning 3 baravari, ya'ni 669 ming so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi. Bu huquqbuzarlik ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, jarima miqdori BHMning 5 baravari (1,1 mln so‘m), uchinchi martasidan boshlab esa BHMning 10 baravari (2,2 mln so‘m) miqdorigacha oshadi.

«Solishtirish uchun, Rossiyada to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish haydovchiga 3000 rubl (taxminan 415 ming so‘m), Ukrainada esa 510 ukraina grivnasi (taxminan 188 ming so‘m)ga tushadi. Qo‘shni Qozog‘istonda to‘xtab turish qoidasini buzgan haydovchi 24 ming tanga (taxminan 589 ming so‘m) jarima to‘lasa, Qirg‘izistonda esa bu qoidani buzgan haydovchilarga nisbatan 3000 qirg‘iz somi (taxminan 369 ming so‘m) jarima qo‘llaniladi.

Shuningdek, bu davlatlarda (Qozog‘istondan tashqari) mazkur huquqbuzarlikni takroran sodir etish jarima miqdorini o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi», – deb yozadi Doniyor G‘aniyev.

U avtomobillar soni tez sur'atlarda oshib borayotgan sharoitda katta shaharlar markazlarida avtomobillarni belgilangan joyda qoldirish (parkovka) muammosi dolzarblashib borayotganini qayd etgan.

«Bu masala ayniqsa poytaxtda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shaharda pullik avtoturargohlar yetishmasligi yoki haydovchilar uchun qulaylik yaratish (holbuki bu orqali mahalliy budjetga yaxshigina daromad ishlash imkoniyati bor) maqsadida markaziy ko‘chalarda yo‘l bo‘ylariga oddiy parkomatlar o‘rnatilmagani bir sabab bo‘lsa, belgilanmagan yoki ruxsat etilmagan joylarda avtomobil transporti parkovka qilingani uchun «otning kallasidek» jarimalar belgilangani tabiiy ravishda ko‘plab haydovchilar e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda», – degan deputat Doniyor G‘aniyev.

Hozirda Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi, deputat Farhod Ashmatov MJtKning 128 6-prim moddasini o‘zgartirishga doir qonun loyihasini ishlab chiqmoqda.

Ushbu qo‘mita o‘tgan oyda aholiga murojaat qilib, yo‘l harakati masalalarida aholidan takliflar qabul qilinishini bildirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining markaziy ko‘chalarida parkomatlar tashkil etilishi ma'lum bo‘lgandi.

Top