17:58 / 03.12.2020
6599

Kun.uz'dagi tanqiddan so‘ng Urgutda davlat ahamiyatidagi yo‘lda ta'mirlash ishlari boshlandi

1 dekabr kuni Kun.uz'da «Urgutdagi yo‘l nosozligi odamlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Yo‘l qachon ta'mirlanadi?» sarlavhasi bilan tanqidiy maqola berilgan, unda Urgutda haydovchilar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatlanishi uchun noqulaylik tug‘dirayotgan yo‘lning holati haqida so‘z yuritilgan edi.

Samarqand viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi axborot xizmati, kecha 2 dekabrdan boshlab maqolada tilga olingan davlat ahamiyatidagi «Toyloq – Urgut 4R50» avtomobil yo‘lining Urgut-Jumabozor qismida ta'mirlash ishlari boshlanganini ma'lum qildi.

«Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov tomonidan 2020 yil 26 noyabr kunidagi «2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida»gi 28-sonli yig‘ilish bayoniga asosan, Urgut tumanidagi 4R50 «Toyloq – Urgut» avtomobil yo‘lining 12-24 kilometrlari oralig‘ini joriy ta'mirlash bo‘yicha 2,0 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan edi.

Joriy yilda Urgut tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 500 million so‘m mablag‘ hisobiga Toyloq – Urgut yo‘lining Urgut shahridan boshlangan qismidagi ta'mirtalab bo‘lgan joylariga asfalt yotqizilgan.

2 dekabr kuni Urgut tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan mazkur yo‘lning nosoz bo‘lgan 12-24 kilometrlari oralig‘ini ta'mirlash ishlari boshlandi. Yaqin kunlarda yo‘l to‘liq ta'mirlanib, unda avtotransport vositalarining xavfsiz harakati ta'minlanishini hamda aholiga qulay shart-sharoitlar yaratilishini ma'lum qilamiz.

Hozirda, ushbu avtomobil yo‘lining ta'mirlanayotgan qismida haydovchilarning hushyorligini oshirish maqsadida, yo‘l nosozligi va ta'mirlanayotganligi xaqida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan», deyiladi munosabatda.

Top