08:47 / 03.12.2020
2249

OTB qattiq maishiy chiqindilarni tozalashga 60 mln dollar ajratdi

Vazirlar Mahkamasining «Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi «Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: dailytimes

Norma’ning yozishicha, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish, aholini sifatli sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan ta'minlash maqsadida 2020 yil 17 aprelda OTB direktorlar kengashi tomonidan «Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish» loyihasini moliyalashtirish uchun 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan, 25 yil muddatga, 60 mln dollar miqdorida kredit ajratilishi ma'qullandi.
 
Loyihaning umumiy qiymati ekvivalentda – 112 mln dollar, shundan O‘zbekistonda ulushi – 52 mln dollar, shu jumladan soliq va bojxona to‘lovlari – 44,01 mln dollar hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining mablag‘lari – 7,99 mln dollarni tashkil etadi. Loyihani amalga oshirish davri 5 yil (2020–2024 yillar) etib belgilangan.
 
Loyiha doirasida quyidagilar rejalashtirilmoqda:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar hududlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishga «Toza hudud» DUK uchun 339ta maxsus texnika, 8ta mobil laboratoriya, 6 mingta konteyner yetkazib beriladi;
  • 13ta servis markazlari tashkil etiladi;
  • qo‘shimcha 4 mln nafar aholiga sanitariya tozalash xizmatlari ko‘rsatiladi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish, shuningdek OTBning qarzidan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan ijro etuvchi organ hisoblanadi.
 
OTBning qarzini uzish va foizlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar «Toza hudud» DUKning mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
 
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • «Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish» loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari;
  • OTBning asosiy qarzini qaytarish va foizlarni to‘lashning prognoz jadvali;
  • «Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»;
  • Loyihani amalga oshirish natijasida respublika hududlarini sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olishning maqsadli ko‘rsatkichlari.

Hujjat 26.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Top