20:58 / 04.12.2020
3468

Boeing 737 Max’ga parvozlar to‘xtatilgandan keyin birinchi buyurtma olindi

Irlandiyaning Ryanair loukosteri 75 dona Boeing 737 Max samolyotini xarid qilishini e'lon qildi. Bu xarid ushbu turdagi samolyotlardan foydalanish ikkita aviahalokat sababli 2019 yil mart oyida to‘xtatilgandan keyin ularga olingan ilk buyurtma hisoblanadi.

Foto: Boeing

Ryanair avval buyurtirgan 135 dona 737 Max’ga qo‘shimcha yana 75 dona shunday samolyot sotib olmoqda. Umumiy hisobda aviakompaniya parkida 210 ta 737 Max bo‘ladi. Xarid qiymati 9 mlrd dollarni tashkil qiladi.  

737 Max’lardan foydalanish ular ishtirokida 6 oy ichida 2 ta aviahalokat yuz bergandan keyin butun dunyoda to‘xtatilgandi. Joriy noyabrda AQSh Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi 737 Max’ni ekspluatatsiyaga qaytarishga ruxsat berdi. 3 dekabrda esa 737 Max’ning parvozlar to‘xtashidan keyin yo‘lovchilar bilan birga ilk parvozi amalga oshirildi. Bunday parvoz jurnalistlar uchun American Airlines aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Ushbu turdagi samolyotlarda tijoriy reyslar amalga oshirish dekabr oxiridan yo‘lga qo‘yiladi. 

Ryanair’ga mo‘ljallangan samolyotlar 2021 yil bahoridan yetkazila boshlanishi, yozgacha esa kompaniyada 30 dona 737 Max bo‘lishi kutilmoqda. Yevropa aviatsiya boshqarmasi 737 Max’ning ekspluatatsiyasiga hozircha ruxsat bermagan, biroq ushbu masala tez orada hal bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Mavzuga oid
Top