16:06 / 04.12.2020
5214

Eron uranni boyitishga qayta kirishishi mumkin

Fizik olim Muhsin Faxrizodaning qasddan o‘ldirilishiga javoban rasmiy Tehron uranni boyitishga qayta bel bog‘ladi. New York Times buni Bayden ma'muriyatiga Trampning fitnasi sifatida baholamoqda.

AQSh fevralgacha sanksiyalarni bekor qilmasa, Eron yadro bo‘yicha xalqaro ekspertlar guruhini mamlakatdan chiqarib yuborishi ham mumkin.

Eronning bu yurishi AQSh hamda Isroil maxsus xizmatlari tomonidan atom qurolini yaratishda Tehronning asosiy odami deb hisoblangan Muhsin Faxrizodaning o‘limi bilan bog‘liqmi yo boshqa sababmi – aniq emas. Fors rasmiylari olimning o‘limi uchun qasos olishga ont ichishgan.

Yangi rejaga ko‘ra, Eronning Atom energiyasi agentligi zudlik bilan uranni 20 foizgacha boyitishi ko‘zda tutilgan. Bu 2015 yilda Obama ma'muriyati bilan kelishilgan dasturning eng yuqori darajasi edi. Bayden jamoasi oldida murakkab vazifa turibdi. 

Bu darajada boyitilgan uran, uning quvvatlarini olti oy ichida bombaga aylantirish imkonini beradi.

Ekspertlar mamlakatdan badarg‘a qilinmasligi uchun Eron neft va banklarga qo‘yilgan sanksiyalar olib tashlanishiga 2 oy muhlat berdi. Xalqaro atom energiyasi inspektorlari tomonidan o‘tkazib turiladigan tekshiruvlar Eronning atom dasturi haqidagi yagona ishonchli manba edi.

Sharoit Bayden ma'muriyatidan tezlikda Eron bilan muzokaralarga kirishishni taqozo etyapti. Bayden Eron 2015 yildagi kelishuv shartlariga ko‘nsa, muzokaralarni qayta boshlashga tayyor ekanini ma'lum qilgan.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qalibaf «Eronning bu qarori G‘arbga bir tomonlama o‘yin tugaganini bildiradigan xabar» deya bayonot bergan.

Mavzuga oid
Top