14:31 / 04.12.2020
25797

«Sobiq ittifoq tibbiyoti asosida yuqori natijaga erishib bo‘lmaydi» - Kuvaytdagi shifokor bilan suhbat

Kuvaytdagi Sabah shifoxonasida anesteziolog-reanimatolog sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik shifokor Jahongir Jo‘rayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston tibbiyotidagi muammolar va ularning yechimlari haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi.

– Jahongir aka, prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish kerakligini aytmoqda. Lekin O‘zbekistondagi tibbiyotning darajasini birdaniga Saudiya Arabistoni, Kuvayt yoki AQShdagi darajaga ko‘tara olmaymiz-ku, to‘g‘rimi?! O‘zgarishlarni nimadan boshlash kerak, nimalarni o‘zgartirsak odamlarimizda tizim yaxshilanishi mumkinligiga ishonch uyg‘onadi?

– Chet elda bo‘lgach, O‘zbekiston tibbiyoti bilan bog‘liq kamchiliklar aniqroq ko‘rinib qolarkan. Men bu bo‘yicha birinchi o‘rinda O‘zbekistondagi rahbarlar sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning qaysi yo‘nalishini tanlashmoqchi degan savolni bergan bo‘lardim. Agar hozir O‘zbekistondagi tibbiyot tizimini tahlil qilsak, unga hozir sobiq ittifoq va Rossiya tizimining davomchisi sifatida qaraladi. Agar shu yo‘nalish rivojlantirilsa, boshqa natija, agar yuqorida aytilganidek, Yevropa va AQSh bilan moslashtirilsa, boshqa natija bo‘ladi.

Hozir faqat sobiq ittifoq tibbiyotini yangilash va rivojlantirishga urg‘u berilmoqda. Bu yo‘nalishda ketadigan bo‘lsak, yuqoriroq natijaga erishish imkoni yo‘qligi aniq. Buni Rossiya tibbiyotini biror Yevropa davlati bilan solishtirish orqali ko‘rish mumkin. Lekin hammasini boshidan boshlash ham oson bo‘lmaydi.

Tasavvur qiling: bir yoshning maktabdan boshlab ingliz tilini yaxshi o‘rganib universitetda bakalavr va magistraturani to‘liq ingliz tilida o‘zlashtirishiga qancha vaqt ketadi. Bu butun tibbiyotdagi avlodni almashtirish orqali 10 yildan keyin boshlanadi. Mana shu muddatdan keyin tayyor mutaxassislar kirib keladi.

Bundan tashqari, 10 yilgacha nima qilish kerak degan savol ham bor. Ungacha chet eldan har bir tibbiyot muassasasiga malakali mutaxassislarni olib kelish kerak.

– Siz faoliyat olib borayotgan Kuvayt ham tarixan mutaraqqiy davlat bo‘lmagan. Kuvaytliklar ham qachondir shu bosqichdan o‘tgan bo‘lishi kerak? Ularning bu boradagi tajribalari bilan qiziqib ko‘rdingizmi?

– Gapingiz to‘g‘ri, arab davlatlari ham hududida neft aniqlangach, moddiy mablag‘ga ega bo‘lib, iqtisodiy jihatdan rivojlangan. Lekin ularda malakali mutaxassislar yetarli bo‘lmagan. Shuning uchun tibbiyot tizimiga chetdagi standartlarni olib kirgan, xorijiy mutaxassislarni ishga chaqirgan va shu yo‘l bilan hozir o‘z tibbiyot xodimlarini tayyorlab kelmoqda.

Tizim juda katta bo‘lgani uchun uni hali ham hamma mutaxassislar bilan ta'minlab ulgurgani yo‘q. Masalan, men Kuvaytda ishlasam, 20 yil oldin 5 nafargina anestizeolog-reanimotolog ishlagan bo‘lsa, hozir ularning soni 40-50 nafar. Chunki shifokor bo‘lish ham oson emas, bu yerda o‘qish jarayonida talabalar saralanib boradi.

O‘zbekiston ham tibbiyot tizimini rivojlantirish uchun birinchi navbatda chetdan malakali mutaxassislarni jalb qilishi kerak bo‘ladi. Hozir mamlakatdagi shifokorlarning fikrlashi sobiq ittifoq yo‘nalishida, Yevropa qarashi esa biznikiga to‘g‘ri kelmaydi.

– Siz ham shu tibbiyot ta'limini ko‘rgansiz va ishlagansiz, Kuvaytga borganingizda aynan shuning uchun qiynalgan bo‘lsangiz kerak?

– Ha. Fikrlash doiramni o‘zgartirib moslashtirishimga bir yil vaqt ketgan, boshqalarda ham. Malaka oshirish uchun 1 oyga chetga boradigan shifokorlar esa bu qisqa muddatda hech narsa o‘rgana olmaydi.

Lekin mamlakat hammani bir yilga chetga yubora olmaydi. Shuning uchun ham xorijlik mutaxassislarning o‘zini O‘zbekistonga olib kelish yaxshiroq samara beradi.

Dunyoqarashdagi qoloqlik haqida bir qiziq voqeani aytib bermoqchiman. Respublika shoshilinch tibbiyot markazi yangi texnika va apparaturalar bilan ta'minlanib 2001 yilda ochilgan edi. Shu yerga o‘qishga kirib, shu maktabni bitirib, kerakli bilim olganmiz. Bu yerga viloyatlardan ham talabalar kelib, bitirib diplomni olib ketishardi. Ular sun'iy nafas berish apparatini ishlatishni yaxshi o‘rganib olishgan edi.

Bir talaba shu yerda o‘qib viloyatiga qaytganda reanimatsiya bo‘limiga kirsa, yangi sun'iy nafas berish uskunasi sellofanga o‘rab qo‘yilgan ekan. U uskunaning o‘ramini ochib, ishlatishga harakat qilib turganida boshqa bir shifokor kelib, undan apparatga nega teginganini so‘rab tergay boshlaydi. Markazda o‘qib ketgan talaba shifokorga uskunaning afzalliklari haqida gapirib, uni og‘ir ahvoldagi bemorlarga foydasi borligini tushuntirayotganida bo‘lim mudiri kelib qoladi.

Haligi shifokor mudirga: «Yangi shifokorimiz sun'iy nafas berish uskunasiga bilmay tegib qo‘yibdi, men unga tegma buzilib qoladi, deb tushuntirayotgandim», – debdi. Bizda o‘qib ketgan talaba bu uskunani ishlatish kerakligi, uning bemorlarga ko‘p foydasi tegishini aytibdi. Shunda bo‘lim mudiri: «Men va mana bu shifokordan boshqa hech kim bu apparatga tegmasin», – deb javob beribdi.

Buni eshitib kulganmiz. Ya'ni eski davrda qolib ketganlarning eski uskunalarni ishlatib, yangilarini tushunmagani uchun ularda «yaxshisi tegmayman, ertaga buzilib qolsa, nima deb javob beraman» degan tushuncha bor. Omborxonalarda juda ko‘p apparatlar ishlatilmay qolib ketib, keyin sekin tashlab yuborilgani haqida ko‘p eshitganman.

– Chetdan mutaxassislarni olib kelib, ularni kadrlar tayyorlash jarayoniga jalb etib, tibbiyot tizimini o‘zgartirish mumkin. Ammo buning mahsulini 10-20 yilcha kutishga to‘g‘ri keladi. Kadrlar tayyorlash tizimidagi islohotlar bilan bir vaqtda qaysi o‘zgarishlarga qo‘l urilsa, uning samarasi tezroq bo‘ladi? Deylik, sohadagi islohotlarni shifoxonaga olib kelingan bemorni qabul qilishdan tortib uning jarrohlik stoliga yotishigacha bo‘lgan jarayondagi byurokratiyani qisqartirish singari oddiy narsalardan boshlagan ma'qul emasmi?

– O‘zi umuman olib qarasak, bu muammolarni global va kichikka ajratish mumkin. Endi hozir siz so‘rayotgan juda kichik muammolar haqida aytaman. Bu narsalar juda kichik usul bilan hal qilinadigan ishlar. Siz aytayotgan registratsiya masalasi chet elda ham bor. Bu narsadan qochib qutulib bo‘lmaydi. Sababi, har bitta kelgan odamni registratsiya qilib, uning kimligi, qayerdan ekanligi kabi ma'lumotlarini bilib olish kerak. Faqatgina bemor qabul bo‘limiga kelgan paytda uning ahvolini aniqlashtirib olish kerak. Bu tartib O‘zbekistondagi ba'zi bir shifoxonalarda bor, ba'zilarida esa umuman yo‘q. O‘zbekiston kasalxonalarida bori ham yetarli darajada emas.

Misol uchun, qabul bo‘limiga o‘ta og‘ir holatda keladigan yoki reanimatsion muolajani ko‘rsatish kerak bo‘lgan bemorlar bor. Shuning uchun men o‘zim ishlagan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazida quyi palata degan joyi bo‘lar edi. Ichkarida 2ta koyka hamda shoshilinch va o‘ta og‘ir bo‘lgan holatdagi bemorga yordam berish uchun sharoit qilib qo‘yilgan. Hamma narsa yetarli darajada edi. Bunday sharoit O‘zbekistonda birinchi bo‘lib shu markazda yo‘lga qo‘yilgandi. Shunga o‘xshagan reanimatsiya xonalari har bitta shifoxonada bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, o‘ta og‘ir bo‘lmagan bemorlar ham shifoxonaga kelishadi. Masalan, qorin, bosh, yurak og‘rig‘i bilan keladiganlar yotqizib qo‘yiladigan keng bir zal bo‘lar edi. Yigirmatalab yoki o‘ttiztalab koyka bo‘lishi mumkin. Shifoxona hajmi va kasallarning ko‘pligiga qarab, 20-30talab bemorni yotqizib qo‘yib, o‘sha joyning o‘zida birlamchi tekshiruvlardan o‘tkaziladi.

Shuningdek, bemor bu yerda holatiga qarab shifoxonada qolishi yoki uyga javob berilishi hal qilinadi. O‘zbekiston shifoxonalarida esa shifokor qabuliga borib, uzoq navbat kutib turishadi. Hatto bu janjal va to‘polonlarga ham aylanib ketadi. Agar shularni tekshirish xonasida yotqizib qo‘yib, qon bosimi, yurak urishi o‘lchab turilsa, u yerdagi hamshiralar bemor holati haqida doktorga aytadi.

Shu bilan birga, bu yerda alohida doktor ham bo‘ladi. Buni «emergency medicine» deyishadi. Birinchi yordam ko‘rsatadigan doktor hech qanaqa jarroh, terapevt yoki reanimatolog ham emas. Shu usulda bemalol 20-30 nafar bemorga qarab tursa bo‘ladi. Bu ham qabul bo‘limida tashkillashtirish kerak bo‘lgan yo‘nalish.

Bundan tashqari, bu joyga yetarli darajada tibbiyot xodimini yetkazib berish kabi iqtisodiy tomonlari ham bor. Boyagi muammolarning orasida yana bir narsani qo‘shib qo‘ymoqchi edim. Misol uchun, O‘zbekistonda zamonaviy reanimatsiya talablariga javob beradigan faqat barmoq bilan sanarli shifoxonalar bor va ular ham respublika miqyosidagi kasalxonalardir.

Masalan, O‘zbekistonda reanimatsiya sharoitida hisob bo‘yicha ikki bemorga bir hamshira qo‘yilgan. Chet elda esa har bir bemorga bir hamshira biriktiriladi. Tasavvur qiling, bitta hamshira ikki bemorga qaraganida sifat tushib boradi, ya'ni hamshira ikkita og‘ir bemorga to‘g‘ri kelib qolgan paytda imkoniyati cheklangan bo‘ladi. Bu masalani o‘z vaqtida yuqoridagi organlarga olib chiqqanimizda stavka ajratilmagan, mumkin emas deyishgan. U paytda bu stavkani o‘zgartirib bo‘lmasdi va bu standartga kiritib qo‘yilgan edi. Hozir shu muammoni ko‘tarish kerak, bu narsani faqat reanimatolog tushunadi. Direktor yoki jarroh bu muammoni tushunmaydi.

Reanimatsiyaga kasalxonaning yuragi deb qarash kerak. Eng og‘ir holatdagi bemorni holatdan chiqarib beradigan bo‘lim bu reanimatsiya. O‘zbekistonda reanimatsiyada reanimatologlarga munosabat juda yaxshi emas. Reanimatologlarni jarrohlar yoki boshqa mutaxassislar nazorat qilib, o‘z gapini o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Chet elda reanimatolog o‘zining sohasini yaxshi biladi va uning tavsiyasiga hech kim qarshi bormaydi.

O‘zbekistonda bunday holatni faqat Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaz reanimatsiyasida ko‘rganman. Bu yerda reanimatsiyaning o‘zi mustaqil holatda ishlab turibdi. Bunga shaxsan bo‘lim rahbari Furqat Yo‘ldoshev va muassasaning o‘sha vaqtdagi direktori Abduhakim Hojiboyev (hozirda Sog‘liqni saqlash vaziri – tahr.) ko‘rsatgan yordamlari evaziga erishilgan. Boshqa kasalxonalarda ham shunga o‘xshash tashkilotlar bo‘lsa, ushbu muammoni ko‘tarsa, bu hal qilinishi kerak.

– Qaysidir soha va yo‘nalishlarda islohotlar qilinadigan bo‘lsa, nimalarni o‘zgartirish, yangilash masalasi odatda yuqori turuvchi idoralarning qaysidir kabinetlarida hal etiladi. Quyi tizimdagi, sohaning muammolarini yaqindan biladigan mutaxassislardan fikr so‘ralmaydi. Shunday emasmi?

– Xuddi shunday. Tibbiyot sohasida islohotlarni boshlashdan avval O‘zbekictonda ishlayotgan shifokorlar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘rganish, surishtirish kerak. Chunki quyidagi xodimlar o‘zining fikrini yuqoriga yetkazolmayotgan bo‘lishi mumkin. Shu muammolardan biri kasallik tarixini yozishda uchraydi.

O‘zbekistonda bu byurokratizmga juda katta e'tibor berilgan. Ya'ni reanimatsiyadagi bemorlar kasallik tarixini kuniga 4-5 martadan yozib turish talab qilinadi. Chunki tekshiruv kelsa, shu yozilgan kasallik tarixi bo‘yicha tekshiradi.

Chet elda bunga kamroq e'tibor beriladi. Natijada shifokor ko‘p vaqtini kasallik tarixini yozishga emas, bemor holatini o‘rganishga sarflaydi. Ya'ni ular son emas, sifatni ta'minlashadi. Shu kabi muammolarni shifokorlar bilan yuzma-yuz uchrashib so‘rash kerak.

Jahongir Jo‘rayev oilasi bilan

Chet elda har bir vrach – navbatchi shifokorga dam olish xonalarigacha ajratib qo‘yilgan. Ya'ni navbatchilik davomida – ish vaqtida bemalol kirib, uxlab, dam olishiga sharoit qilib berilgan. O‘zbekiston sharoitida navbatchi shifokorlarga yaxshi dam olish tugul, bir xona ajratilmaydi. Kim qayerda joy topa olsa, o‘sha yerda uxlashga majbur. Ya'ni sharoit qilib berish kerak shifokorlarga. Shu masala ham – kichkina narsa – lekin ish sifatiga ta'sir etadigan muammo.

Telegramdagi o‘zbek shifokorlari jamlangan guruhlardan birida sohadagi muammolar haqida so‘z ketganda, umumiy amaliyot shifokorlari tayyorlashga e'tibor ko‘proq qaratilgani, biroq ayni paytda ularning risoladagidek ishlashiga sharoit yetarli emasligi, qog‘ozbozlikning ko‘pligi, keraksiz 11 xildagi hisobotlar borligi, rahbariyat tomonidan beriladigan asossiz buyruqlar soha xodimlarini qiynab kelayotgani, butun amaliyoti davomida terapevt bo‘lib ishlagan vrach umumiy amaliyot shifokori sifatida ishlab ginekolog yoki pediatr vazifalarini yoki aksini bajarishiga to‘g‘ri kelayotgani sanab o‘tildi.

Chet elda umumiy amaliyot vrachi sifatida maxsus magistratura bosqichini biritib kelgan mutaxassislar ishlashadi. Bu katta spektr ish faoliyatini o‘z ichiga oladi. Patronaj sabab vrachlarning uyma-uy yurishi bu umuman jahon talablariga to‘g‘ri kelmaydigan va vrachlarning obro‘siga putur yetishiga sabab bo‘layotgan kechirib bo‘lmas xatodir.

Tizimdagi yana bir jiddiy muammolaridan biri davlat shifoxonalarida xo‘jalik tizimidagi korrupsion harakatlar, ya'ni pulli xizmatlar uchun to‘lanadigan to‘lovlardan yig‘ilgan pullar shifokorlar o‘rtasida teng taqsimlanmasdan ma'lum guruhlar tomonidan o‘zlashtirilishi, bu jarayonda kimlargadir otning kallasiday ish haqlari hisoblanishi bilan bog‘liqdir. Afsuski, bu ishlar aksar hollarda amaldagi qonun hujjatlariga moslab amalga oshirilishi tufayli buni tekshiruvchilar payqashmaydi, shifokorlar esa rahbariyat bilan sen-menga borib ishidan ayrilmaslik uchun adolatsizlikka shunchaki ko‘z yumib qo‘ya qolishadi.

Shu o‘rinda O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi ilmiy unvon yoqlashdagi qallobliklar haqida ham to‘xtalib o‘tish joiz. Falon pul berib ilmiy ishlar yozdirish vrachlar orasida yangilik emas. Buning natijasida O‘zbekistonda ilmiy ish qilayotgan tibbiyot nomzodlari saviyasi yildan yilga tushib bormoqda. Bu gap hammaga tegishli emas, albatta. Biroq ko‘pchilik oson yo‘ldan borib ilmiy unvonli bo‘lavergach, halol, ammo mashaqqatli yo‘ldan borib ilmiy unvon olayotganlar soni kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak.

– Jahongir aka, raqamlashtirish tibbiyotga nima beradi? Kuvaytda, siz ishlayotgan shifoxonada bu masala qanday yo‘lga qo‘yilgan?

Men ishlayotgan davlatda siz aytgandek, raqamlashtirishga harakat doim bor. Nafaqat tibbiyotda, mana shu koronavirus pandemiyasi davrida ham. Misol uchun, bemor Covid-19 virusiga chalindi. U uyda davolansa bo‘ladigan bemor.

Esingizda bo‘lsa, O‘zbekistonda koronavirus aniqlandimi, kasalxonaga olib borib yotqizib qo‘yaverishdi. Bu yerda boshidan bunday bo‘lgani yo‘q. Uyda davolanishi mumkin bo‘lgan yengil holatdagi bemorlar aniqlandi. Bunday bemorni izolyatsiya qilish kerak, ko‘chaga chiqmasligi kerak. U esa uyda o‘tir deyilsa ham, o‘tirmasligi mumkin.

Shu joyda ham raqamlashtirishga e'tibor berildi. Ya'ni o‘sha bemorga majburiy telefondan biror-bir IT-dasturi ishlab chiqilib, shu dasturdan u ro‘yxatdan o‘tib, telefon raqamlarini yozib, telefon orqali lokatsiya manzili olindi. Har ikki soatda sms-xabar keladi, shu usul orqali bemorning uyda o‘tirgani nazorat qilinadi. Bu ham tibbiyotdagi raqamlashtirishning bir usuli. Yangi paydo bo‘lgan muammoga ham elektronlashtirish usuli bilan yondashildi.

Men o‘zim yaqinda koronavirusdan qutuldim. O‘n kun uyda o‘tirdim. Xohlasangiz ham hech qayerga chiqolmaysiz. Ham ikki soatda sizga xabar keladi, o‘zingizni rasmga olib tashlaysiz. Sizning manzilingiz bo‘yicha u yoqqa ketadi. Masalan, telefonni tashlab, ko‘chaga chiqib ketib qolsangiz ham, xabarga javob yozmasangiz, sizga katta jarima yoziladi. Shu tarzda raqamlashtirish usuli bilan bemor majburan uyda nazoratda bo‘ldi. Bu bitta yutuq hozirgi zamonaviy qarashda.

Yana chet eldan uchib kelgan odamga ham aeroportda uy karantinida o‘tir deyilsa, hech kim nazorat qilmaydi, bu yerda chet eldan kelsa ham o‘sha dastur orqali nazorat qilib turiladi. Endi davolash tibbiyotidagi raqamlashtirish nima beradi? Bu juda yaxshi narsa. Qaysi tomondan? Shifokorning vaqtini tejaydi va kasallikning oldingi holatlarini aniqlab, tahlil qilishga juda katta yordam beradi.

Nima uchun O‘zbekistonda shu narsani yo‘lga qo‘ya olishmaydi? Chet elda har bir shifokor bir xil fikrlaydi. Bir xil tashxis qo‘yadi. Bu shifokorning yozgan, qilingan taktikasini, boshqa shifokor ko‘rsa, shuning bir xilligiga yuz foiz amin bo‘ladi. Negaki, tibbiyot maktabida bir xil o‘qitilib, oxirgi chiqqan standartlarga rioya qilinadi.

Endi O‘zbekistonda tasavvur qiling, Surxondaryodagi bir shifokor bemorni ko‘rib, kasallikka boshqacha davolar, boshqacha narsalar yozib qo‘ysa tizimga, uni Toshkentga kelganda shifokor ko‘radi, oladi, umuman boshqacha narsa ma'lumotlar, bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Bu shifokorga qiyinchilik tug‘diradi.

– Shunday vaziyat yuzaga kelishining sababi nimada? Ta'lim tizimi bitta bo‘lsa, shifokorlarimizning biri Afrikada, boshqasi Amerikada o‘qib kelmayapti-ku?! Bitta joyda, bitta maktabda ta'lim olgan shifokorlar. Nega bitta bemorga ikki xil tashxis qo‘yishadi?

– Bu juda katta masala. Uni qisqacha qilib tushuntirishga harakat qilaman. U shifokorga borsangiz, boshqacha davolaydi, chunki u falonchi pismadonchiyevichning 5-10 yil oldin chiqqan kitobini o‘qigan. Ikkinchi shifokorga borsangiz, bir chet ellik shifokorning kitobini olib o‘qigan, u yerda boshqacha yozilgan. Boshqasiga borsangiz, umuman chalasavod, shu sababli mutlaqo boshqacha muolaja yozib beradi.

Ya'ni shifokorlarning saviyasi hamma joyda har xil. Men o‘zim shifokor bo‘la turib, O‘zbekistonda agar ma'lum bir o‘zimning sohamdan tashqari bo‘lgan sohaga murojaat qiladigan bo‘lsam, o‘zim tajribali shifokorni so‘rab-surishtirib topishga majbur bo‘laman.

– Xuddi shu savolni bermoqchi bo‘lib turgandim. Issiq jonmiz. Hammamiz kasal bo‘lishimiz mumkin. Shifoxonaga ishimiz tushsa, albatta, yaxshi mutaxassisni qidirishga majburmiz. Yo‘qsa, shifoxonayam, mutaxassislar ham son mingta. Ammo duch kelgan shifokorning eshigini qo‘rqmasdan taqillatib kirib bora olmaymiz. Albatta, tanishlardan so‘rab-surishtiramiz, qaysidir shifokorning muolajasidan shifo topgan odamlarning maslahatiga quloq tutamiz...

– Barchasining negizi tibbiy ta'limga bog‘liq. Tibbiy ta'lim juda tuban chuqurlikka tushib ketgan. Mana bakalavr o‘qishida biz o‘qiganda 2001 yil bitirgan bo‘lsam, o‘sha davrda nisbatan sovet davridagi o‘qish tizimi davom etib, o‘shaning inersiyasi bilan nisbatan o‘qish yaxshi edi. Bakalavrni bitirdik, keyin klinik ordinaturaga o‘qishga kirganmiz.

Klinik ordinaturada biz ko‘proq amaliy ishlar bilan band bo‘lib, ish o‘rganganmiz. Nazariya tomondan biroz zaiflashganmiz. Men baxtimga respublika miqyosidagi shoshilinch tibbiy ilmiy markazda bo‘lganim uchun magistraturaga poydevorim yuqoriroq bo‘lib chiqqan. Tasavvur qiling, men o‘sha paytda viloyatdagi biror-bir o‘qishga borib qolganimda, u yer respublika miqyosidagi muassasa emas, apparatlar umuman zamonaviy bo‘lmasdi. Yondashuvlar ham hammasi past darajada bo‘lib, mening o‘sha paytdagi poydevorim sust bo‘lib qolardi.

Hozir bu yo‘nalish bo‘yicha o‘qitilayotgan klinik ordinatura, magistratura, misol uchun, o‘sha joyda shunaqa mutaxassis yetishtirib chiqilsa, o‘nta joydan o‘n xil mutaxassis chiqadi. O‘n xil darajadagi mutaxassis chiqadi. Hammasining ilmiy salohiyati bir xil emas. Sabab yuqorida aytilgan moddiy bazasi, apparatlari, kafedra qaysi markazda joylashgani, u yerdagi o‘qituvchilar qanaqa o‘rgatishiga bog‘liq. U yillar davomida shu narsalardan kelib chiqib, keyin shifokorlar viloyatga, tuman kasalxonalariga borib joylashgandan keyin ularning ilmiy darajasini oshiradigan kadrlar yo‘q, kafedralar yo‘q. Muammolar shundan kelib chiqadi.

Masalan, O‘zbekistonda 2014-2015 yillardagi standartlardan foydalaniladi, chet elda bunday emas. 2019 yilgi standart allaqachon eski deb qaraladi. Keyin chet elda bu narsalar faqat kafedrada o‘rgatilmaydi. Chet elda har bir mutaxassisga o‘sha standartlarni ko‘rsatuvchi kitoblar chiqadi – elektron variantda yoki sotuvda. Bir yilda bir marta yoki bir yilda ikki marta chiqib qolishi ham mumkin. Shuni sotib olib mutaxassis o‘zi uchun o‘rganib, o‘zi uchun bilib oladi. Har bitta mutaxassis zamonaviy tibbiyotdan ortda qolmaslik uchun shu kitobni olib, o‘qiydi. Standartlar ham yangilab turiladi.

Albatta, tasavvur qiling, bir bemor keldi. Uni davolashda siz ikki yil oldingi davolash standartini tavsiya qilsangiz, yoningizdagi shifokor hozirgi standart bo‘yicha bunday yondashilmoqda, deydi. Shu paytda u bilan sizning orangizdagi farq sezilib qoladi. O‘zining saviyasini tushirib yubormaslik uchun doimiy ravishda o‘zining malakasini oshirib borishi kerak bo‘ladi.

Yuqorida Abror aka gapirib o‘tdilar, davolashni hamma har xil belgilashi haqida. Shu narsa koronavirus pandemiyasida ko‘zga yaqqol qo‘rinib qoldi. Nima uchun o‘lim ko‘rsatkichlari ko‘p bo‘ldi. Boshida davlatimizda shifokorlarga qarata bu kasallik tarqab ketganda bunday yondashiladi, degan ma'lumot berilmadi. Faqat shu belgilangan kasalxonalarda ushlab turildi-da, kasallik nazoratdan chiqib ketgach, tarqab ketib qoldi, simptomlari grippga o‘xshab boshlangani uchun hamma shifokorlar uni gripp kabi davolab, antibiotiklar berib, kasallarni og‘irlashtirib, vaziyat nazoratdan chiqib ketdi.

Keyin SSV hammaning qo‘liga standart berib, shundan chetga chiqmaysizlar, deb majburlandi. Bir tomondan to‘g‘ri bo‘ldi, lekin vrachlarimizga shu standartni bersa, u yerda savol bor, shu standartlar ham kasallikning darajasiga qarab beriladigan bosqichlari bor-da, shuni shifokorlarimiz tushunmagan holatda virusli kasallikni boshlang‘ich bosqichidan boshlab, standartda yozilgan hamma dorini bitta qilib, kompot qilib qo‘shib berib yuborgan holatlar bo‘ldi. Ana o‘shandan keyin hamma asoratlar boshlandi. Bu ham noto‘g‘ri.

Agar kasallik boshlang‘ich belgilari bo‘yicha davolab borilsa, 90 foiz holatda kasallik hech qanday asoratsiz tez chiqib ketadi. Shaxsan o‘zim chet elda turgan bo‘lsam ham O‘zbekistondan 30ga yaqin bemor telefon yoki telegram orqali murojaat qilishdi. Shundan beshtasi og‘ir bemorlar edi, 30ga yaqini endi kasallik boshlangan bemorlar edi. Yengil, endi boshlangan bemorlarda chet eldagi standartlarni qo‘llaganimda, o‘zimning 84 yoshli otam, opam, ayolim yoki o‘zim, boshqa yaqin tanishlarimda hammasi yengil o‘tib ketdi. Ya'ni boshlang‘ich bosqichda belgilangan dorilarni berib, kasallik darajasini tekshirib, nazorat qilib turish kerak. Ba'zi holatda kasallik 2-bosqichga o‘tib ketadi. Shuni vaqtida aniqlab, 2-bosqich uchun dorilarni berib nazorat qilinganda asoratlarning oldi olib boriladi.

O‘zbekistonda, boya aytilganidek, u yerdan eshitib, bu yerdan eshitib, kasha qilib davolanib, asoratlar kelib, o‘lim ko‘rsatkichi oshib ketdi. Xudoga shukr, hozir eshitishimiz bo‘yicha, kasallik yuqtirganlar soni ancha kamayib, og‘ir bemorlar soni ham qisqaribdi ancha. Shunda ham kasallik qaysi darajada ketayotgani, qaysi bosqichidaligini bilgan holda davolash mexanizmi to‘g‘ri olib borilsa, og‘ir holatlar kam bo‘lardi. Hozir biz ishlab turgan davlatda bunday holatlar yo‘q, bu darajada emas.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov

Top