21:45 / 06.12.2020
20785

«Biz baribir g‘alaba qilamiz». Tramp saylovdagi mag‘lubiyatdan keyingi ilk mitingini o‘tkazdi

AQSh prezidenti Donald Tramp prezidentlik saylovlarida yutqazganidan keyingi ilk mitingini o‘tkazdi. U mitingda respublikachi nomzodlarni tashviqot qilishi kerak edi, ammo ikki soatni o‘ziga va o‘zining «o‘g‘irlangan g‘alabasi»ga bag‘ishladi.

Foto: Reuters

Jorjiyada o‘tkazilgan aksiya yanvarda Senat uchun o‘tkaziladigan saylovlardan oldingi kampaniyaning bir qismi edi, bo‘lajak saylovda yuqori palatada kim ustunlik qilishi masalasi hal bo‘ladi.

Jo Bayden - ushbu shtatda prezidentlik saylovlarida 1992 yildan buyon g‘olib chiqqan ilk demokrat nomzod bo‘ldi.

Tramp hamon o‘z mag‘lubiyatini tan olgani yo‘q va saylovlardagi qoidabuzarliklar haqida gapirishda davom etmoqda, ammo u bu so‘zlari uchun biror dalil keltirmayapti. Ammo AQSh sudlari birin-ketin respublikachilar shtabining da'volarini rad etmoqda, shtatlar esa saylov natijalarini rasman tasdiqlashmoqda.

Miting arafasida u tvitterdagi sahifasida Jorjiya gubernatori - respublikachi Brayan Kempni ovozlarni hisoblash natijalarini darhol e'lon qilmagani uchun keskin tanqid qildi. Bunga javoban Kemp natijalarni qayta hisoblashga chaqirganini eslatib o‘tdi (unda saylov natijalarini e'lon qilish vakolati ham yo‘q).

Shundan so‘ng Tramp gubernatorni shtat qonunchilik majlisining maxsus chaqirig‘ini tashkillashtirishga chaqirdi.

CNN va Washington Post ma'lumotlariga ko‘ra, Tramp gubernatorga qo‘ng‘iroq qilgan va uni saylovchilarning tanloviga ta'sir ko‘rsatishga undagan.

Tramp nima dedi?

Foto: Reuters

Valdostda chiqish qilgan Tramp yana bir marta saylovlardagi firibgarlik haqida gapirdi va gubernator Kempga bosim o‘tkazishda davom etdi.

Trampning talqiniga ko‘ra, bu saylovlarda pochta orqali yuborilgan byulletenlarning soni haddan ziyod yuqori bo‘lgani keng ko‘lamli soxtalashtirishga olib kelgan.

Qariyb ikki soatlik nutqida u aslida qayta saylanish uchun nomzodini qo‘ygan respublikachi senatorlarni qo‘llab-quvvatlashi kerak edi — u esa yig‘ilgan tarafdorlariga hali ham g‘alaba uchun imkoniyat borligi haqida gapirdi.

O‘zining ayblovlarini takrorlar ekan, u shunday dedi: «Ular saylovlarimizda firibgarlik va soxtakorlikka qo‘l urishdi, ammo biz baribir ularni yengamiz». Buning uchun Kemp «yanada qat'iyroq bo‘lishi kerakligi»ni qo‘shimcha qildi.

Shundan so‘ng mitingga «Amerikani yana buyuk qilamiz» («Make America Great Again») shiori tushirilgan bayroqlarni ko‘tarib kelganlar quyidagi so‘zlarni aytib hayqira boshlashdi: «O‘g‘rilikni bas qiling» va «Yana to‘rt yil».

Shu bilan birga, Tramp shanba kungi chiqishida mag‘lubiyatini bilvosita tan olib qo‘ygan, u xalqaro siyosat bobidagi yutuqlarini tez orada demokratlardan saylangan prezident yo‘qqa chiqarishi haqida gapirdi.

AQSh konstitutsiyasiga ko‘ra, Bayden Tramp o‘z mag‘lubiyatini tan olish-olmasligidan qat'i nazar 20 yanvar kuni Oq uyga kirishi kerak.

Respublikachilar Jorjiyada nima uchun kurashmoqda?

Jorjiyaning hozirgi respublikachi senatorlari Kelli Leffler va Devid Perdyu Trampning chiqishini tinglashmoqda

Bu shtat Senatdagi ikki o‘rin uchun saylovlar qayta o‘tkazilishi tufayli yana diqqat markazida turibdi. Noyabrdagi ovoz berishda Senatda bu o‘rinlarni kim egallashi hal bo‘lmagandi, nomzodlarning hech biri bu shtatda yetarli ovozni (50 foiz) ololmagandi. Ikkinchi tur 5 yanvarga belgilangan.

Jorjiyada ikki o‘rin ham demokratlarga nasib etsa, respublikachilar Senatdagi ustunlikni boy berishadi. Demokratlar respublikachilar bilan teng o‘ringa ega bo‘lishadi, ovozlar teng kelgan holatda qaror qabul qilish huquqi demokrat Baydenga o‘tadi.

Jorjiyaning hozirgi chaqiriqdagi ikki senatori ham respublikachilar. Ulardan biri Devid Perdyuga birinchi turda g‘olib bo‘lish uchun bir foizdan kamroq ovoz yetmadi. Uning raqibi, jurnalist Jon Ossoff 47,9 foiz ovoz to‘pladi.

Yana bir o‘rin uchun kurashda esa demokrat Rafaelya Uornok 33 foiz, respublikachi Kelli Leffler 26 foiz ovoz to‘plagan.

Mitingda hukmronlik qilgan eyforiyaga qaramasdan ayrim respublikachilar Trampning asossiz ayblovlari tufayli saylov tizimiga ishonchi so‘ngan respublikachilar partiyasi tarafdorlari saylovga kelmasligidan tashvishlanishmoqda.

Chorshanba kuni Jorjiya shtati davlat kotibi, respublikachi Bred Raffensperger Trampning saylovdagi firibgarliklar haqidagi gaplari isbotlanmaganini ma'lum qilgandi.

Boshqa bir respublikachi, saylov komissiyasi vakili Gebriel Sterling prezidentni saylov bo‘yicha tasdiqlanmagan ayblovlarni to‘xtatishga chaqirib, bunday chiqishlar zo‘ravonlikka turtki bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top