09:38 / 07.12.2020
4730

Dunyoda qurol savdosi hajmi bir yil ichida 8,5 foizga o‘sdi

Dunyoning qurol sotuvchi va harbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi 25 ta eng yirik kompaniyasining umumiy savdo hajmi 2019 yilda 2018 yilga nisbatan 8,5 foizga o‘sdi va 361 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Xalqaro tinchlik masalalarini o‘rganuvchi Stokholm instituti (SIPRI) ma'ruzasida ma'lum qilindi.     

Foto: kadr iz video

Ushbu 25 kompaniyadan 12 tasi AQShda joylashgan bo‘lib, ular ulushiga jami savdo hajmidan 61 foizi to‘g‘ri kelgan. Ulardan 5 tasi reyting yetakchisi hisoblanadi va 166 mlrd dollarlik savdo hajmiga ega. Gap Lockheed Martin, Boeing, Northrop Grumman, Raytheon va General Dynamics kompaniyalari haqida bormoqda. 

Qurol savdosi bo‘yicha AQShdan keyin 2-o‘rinni Xitoy egallagan. Xitoy harbiy-sanoat kompaniyalari ulushiga jami savdo hajmining 16 foizi to‘g‘ri kelgan. Reytingga kiritilgan 4 ta Xitoy kompaniyasidan 3 tasi yetakchi o‘ntalikka kirgan, bular: Aviation Industry Corporation of China (6-o‘rin), China Electronics Technology Group Corporation (8-o‘rin) va China North Industries Group Corporation (9-o‘rin). Yana bir Xitoy kompaniyasi China South Industries Group Corporation 24-o‘rinni egallagan. 

Bundan tashqari, qurol va harbiy xizmatlar savdosi hajmida 18 foiz ulush G‘arbiy Yevropa kompaniyalari hisobiga to‘g‘ri kelgan.   

Ma'ruzaga ko‘ra, joriy yilda 25 ta kompaniyadan iborat ushbu reytingga ilk bor Yaqin Sharqda joylashgan kompaniya kiritilgan. Bu kompaniya BAAda 2019 yil 25 ta kichik kompaniyaning birlashishi yo‘li bilan tashkil etilgan. U reytingda 1,3 foizlik ulush bilan 22-o‘rinni egallagan.

Shuningdek, AQShning L3Harris Technologies kompaniyasi ham ilk bor reytingga kiritilgan. 2019 yilda Harris Corporation va L3 Technologies kompaniyalari birlashishi oqibatida vujudga kelgan kompaniya reytingda 10-o‘rinni egallagan. 

Rossiya kompaniyalari ulushi bir yil ichida 8,6 foizdan 3,9 foizgacha kamaygan. Reytingga Rossiyaning faqat ikkita kompaniyasi kiritilgan – “Almaz-Antey” va “Birlashgan kemasozlik korporatsiyasi” (Ob'yedinennaya sudostroitelnaya korporatsiya). 

SIPRI’ning yetakchi ilmiy xodimi Simon Vezemanning ta'kidlashicha, Rossiya va Xitoy kompaniyalarining xalqaro bozordagi ishtiroki cheklangan. “Rossiya kompaniyalariga qarshi kiritilgan sanksiyalar va Xitoy kompaniyalari xaridlariga kiritilgan cheklovlar Rossiya va Xitoy kompaniyalarining xalqaro bozordagi ishtirokining cheklanishida o‘z rolini o‘ynagan ko‘rinadi”, deb izoh bergan vaziyatga Vezeman.

Top