21:32 / 07.12.2020
4658

Sog‘liqni saqlash vaziri Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashdi

7 dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev Hindistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat bilan uchrashdi.

«Muloqot davomida so‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta'kidlandi. 2018-2019 yillarda mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashriflari keng ko‘lamli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi. Xususan, davlatimiz rahbari 2019 yil yanvar oyida IX Xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etish uchun Hindistonga tashrif buyurdi va u yerda mamlakat bosh vaziri Narendra Modi bilan O‘zbekiston-Hindiston hamkorligi, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalarini muhokama qildi. 2019 yilning oktyabr oyida esa Shavkat Mirziyoyev Hindistonning Gujarot shtati delegatsiyasini qabul qildi, unda biotexnologiya va qishloq xo‘jaligi klasterlari, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

Ta'kidlash joizki, elchi prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi, shu sababli kasallik tarqalishi hozirgi vaqtda sezilarli darajada kamayganini e'tirof etdi. O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar COVID-19 oqibatlarini minimallashtirishga sabab bo‘layotgani qayd etildi. M. Prabxat pandemiya davrida O‘zbekiston aholisi yuqori intizom va mas'uliyat ko‘rsatganini, bu yaxshi natijalarga erishishga hissa qo‘shganini va hukumatga vaziyatni shu kunga qadar nazorat ostida ushlab turishiga imkon berayotganligini ta'kidladi.

O‘z navbatida, vazir hozirda vaziyatning barqarorligi xotirjamlikka berilish uchun asos bo‘la olmasligini aytdi. Ko‘pgina boshqa mamlakatlar tajribasiga ko‘ra, COVID-19’ning ikkinchi to‘lqinidan qochib bo‘lmaydi degan tushuncha mavjud. Buning uchun mamlakatda unga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha  ishlar olib borilmoqda.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan 150dan ortiq shifoxonadan ayni paytda 40ga yaqini faoliyati ko‘rsatayotgani, qolganlari zarurat tug‘ilganda yana koronavirus bilan kasallangan bemorlarni qabul qilishlari uchun saqlab qolingani aytib o‘tildi.

Shuningdek, tomonlar kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilib oldilar. Jumladan, mavjud investitsiya loyihalarini rivojlantirish va O‘zbekistonga yangi investorlarni jalb qilish, qo‘shma farmatsevtika ishlab chiqarish obektlarini tashkil etish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Manish Prabxatning ta'kidlashicha, hozirgi vaqtda Hindiston koronavirusga qarshi 3ta vaksina yaratish ustida ish olib bormoqda, ulardan 2tasi ikkinchi, bittasi esa uchinchi bosqich sinov jarayonida. Elchi kelajakda O‘zbekiston aholisi uchun ham ushbu hind vaksinalari foydali bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi.

Shuningdek, elchi talabalar almashinuvi dasturi bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflarini bildirdi. Uning ta'kidlashicha, Hindiston yoshlarining O‘zbekistondagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga qiziqishi tobora ortib bormoqda. 

Bundan tashqari, mamlakatlarning xalq tabobatini rivojlantirishga bo‘lgan davlat darajasidagi e'tiborda o‘xshashlik mavjudligi aytilib, ushbu sohadagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top