17:30 / 08.12.2020
10523

Ekopartiyaning yangi raisi - moratoriy, ekologik politsiya va ekilgan archalar qurib qolishi haqida

Noyabr oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Ekologiya partiyasiga Komiljon Tojiboyev rais etib saylangan edi. Kuni kecha Botanika bog‘ida partiyaning yangi yetakchisi ishtirokida jurnalistlar uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda qatnashgan Kun.uz muxbiri Komiljon Tojiboyevning ekologiyaga doir qator masalalar yuzasidan fikrlari bilan qiziqdi. Partiya rahbari o‘z so‘zida muammolar hal etilishi uchun avvalo jamiyatda yashillikka nisbatan munosabat o‘zgarishi lozimligini ta'kidladi.

«Moratoriy tugashini kutib turganlar bor»

— To‘g‘risini aytganda, moratoriy tugashini va davom etmasligini kutib turganlar bor. Moratoriyni cho‘zish to‘g‘risidagi taklif tayyorlanib, tegishli vakolatli davlat tashkilotlariga topshirilgan.

Daraxtlarni butash niqobi ostida daraxtlarni kallaklash (bu kundaki kesish ham deyiladi) holatlari kuzatilyapti. Biz moratoriyga kiritiladigan o‘zgarish bilan kallaklash holatlari bo‘lmasligiga ham erishishimiz kerak.

Komiljon Tojiboyev

Masalan, biz chinorga nima deb qaraymiz? Qo‘liga arra olib, chinorni kesishga borgan odamning maqsadi nima bo‘ladi? U chinorni nimagadir xalal berayotgan obekt deb ko‘radi. Vaholanki, chinorga – nafaqat soya berib turadigan daraxt, balki u Markaziy Osiyoning, O‘zbekistonning norasmiy milliy ramzlaridan biri sifatida qarashni shakllantirishimiz lozim.

Yoki bo‘lmasa, qayrag‘och. Hududlarda ko‘kalamzorlashtirish uchun qayrag‘ochdan foydalanaylik, desak, qayrag‘och yo‘q. Qayrag‘och qayerlardadir saqlanib qoldi xolos. Uzoq yillik qadimiy qayrag‘och daraxti bizda oddiy bir daraxt sifatida qabul qilinib kelinyapti, xolos.

Ekologik politsiya tashkil etish haqida

210478877815.JPG (800×500)
Foto: KUN.UZ

— Bu – eng og‘riqli masalalardan bittasi. Buni, o‘zingiz yaxshi bilasiz, bugundan boshlab, Ekologik politsiyani tashkil qilgan taqdirimizda ham, bu bir kunda bo‘ladigan holat emas. Bu – jamiyatdagi yashillikka bo‘lgan munosabatni o‘zgartirmaguncha, hech qachon bunga erisha olmaymiz.

Buning yo‘li qanaqa? Tushuntirish, jarima solish, qonunchilikni takomillashtirish bilan barobar olib borilishi lozim.

Ekologik politsiya to‘g‘risidagi birinchi takliflar chiqqan paytda, men ham bu masalada ko‘p o‘yladim. Keyinchalik, ekologik prokuratura tashkil etilganidan keyin, balki shu orqali qanchadir funksiya bajarilar, degan masala ham keldi. Lekin ekologik politsiyani tashkil etishga oid jarayonlarni ham davom ettirish kerak.

Ekologik politsiya joyida, tez reaksiya bera oladigan bo‘lishi, ma'lumot qachon yetib borsa, keyin kelib munosabat bildiradigan bo‘lmasligi kerak. Bu taklifni albatta ko‘rib chiqamiz.

«Hududlarga baho berishda yashillik darajasi inobatga olinishi lozim»

187170eqe7.jpg (800×499)
Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani markazi Juma shahri (2019 yil, sentabr) Foto: KUN.UZ

— Nima uchun kesilayotganining yana bir tomoni – kesilayotgan daraxtning bahosiga nisbatan mavjud normalarning takomil emasligi. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdorini hisoblashdagi kamchiliklar, jarimalar miqdori pastligi, tegishli choralar ko‘rilmayotgani oqibatida yirik-yirik korchalonlar bir nechta chinorni kesib tashlayapti.

Ekologik partiya bir taklifni ilgari surishni rejalashtirmoqda. Masalaga boshqa tomondan ham qarab ko‘rish kerak-da. Daraxtlar kesilishining sabablarini qidiraverish kerak. Nima uchun kesilyapti? Energiya tanqisligi sababli, biznesning orqasidan kesilayotgandir.

Takliflarimizdan biri (biz buni hali shakllantiryapmiz, maromiga yetkazamiz) – hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini baholashda u yerdagi yashil maydonlarning foiz ko‘rsatkichi hisobga olinishi zarur. Shunda, mahalliy hokimiyat o‘ylaydi: agar hozir mana buni kesib tashlasak, yashil hududlar ko‘rsatkichi ma'lum miqdorda kamayadi.

Ura-urachilik bilan ekilgan archalar ko‘p o‘tmay qurib qolishi haqida

k7nuUDBkrEQnjGPMS0eiZIgonnv3pDAx.jpg (800×499)
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani markazidagi Afrosiyob mahallasi (2019 yil, avgust) / Foto: KUN.UZ

— Ura-urachilik bo‘layotgani haqidagi fikrga qo‘shilaman. Ayniqsa, archa ekish. Archani yozning chillasida yoki hatto bahorda ekamiz. Vaholanki, archa – bizning o‘simligimiz emas.

O‘zimiz ham shunaqa aksiya o‘tkazganmiz. O‘n mingdan ko‘proq archa ko‘chati oldik. Lekin agar bozorga borsangiz, archadan boshqa narsa yo‘q. To‘g‘rimi? Chinor ham yo‘q. Qayrag‘och ham yo‘q. Yoki boshqasi ham. Bo‘lsa ham, o‘ta qimmat bo‘ladi.

Bitta daraxtning puliga o‘nta archa bersa, albatta, shu ekiladi. Haqiqiy dahshatli masala esa undan keyin boshlanadi: ekilgan archa birpasdan keyin sarg‘ayadi, qurib qoladi.

45XwTqeZRx_UMfO8srLTjWqeMGUCnAw.jpg (800×499)
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani markazidagi Afrosiyob mahallasi (2019 yil, avgust) / Foto: KUN.UZ

Bir necha oy oldin bo‘lgan yuqori darajadagi majlisda bu masala muhokama qilindi. Archa o‘tqazishni tizimli tashkil etish va yaratilgan bog‘ni (bog‘ deb ataylik) qaysidir struktura balansiga o‘tkazish, raqamlash, pasportlash va unga javobgarlik masalasi ham ko‘tarildi. O‘zim ham ishtirok etganman, bu masala ko‘tarilgan.

O‘ylaymanki, ekologik politsiya masalasi bo‘yicha ham, ekilgan daraxtlarni parvarishlashni kimningdir zimmasiga o‘tkazsak, menimcha, oz bo‘lsa-da oldinga siljish bo‘ladi.

Top