15:43 / 09.12.2020
4395

Bill Geyts kelgusi yil bahorida oltita vaksina foydalanishga tayyor bo‘lishi mumkinligini aytdi

Geytsning so‘zlariga ko‘ra, boy bo‘lmagan mamlakatlar uchun AstraZeneca, Novavax va Johnson & Johnson vaksinalari mos keladi.

Foto: Getty Images

2021 yil bahorida oltita kompaniyaning koronavirusga qarshi vaksinasidan foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu haqda milliarder, Microsoft hammuassisi Bill Geytc ma'lum qildi, deb xabar bermoqda CNBC.

«Birinchi chorakka kelib oltita vaksina ma'qullanishini kutmoqdaman», — dedi Geyts.

U yaqin vaqt ichida koronavirusga qarshi vaksinalari ma'qullanadigan kompaniyalar sifatida AstraZeneca, Johnson & Johnson, Novavax, Pfizer va BioNTech hamda Moderna kompaniyalarini tilga oldi. Geyts oltinchi vaksina va uni ishlab chiqayotgan kompaniya nomini aytmadi.

Geyts vaksinalar barcha mamlakatlarga, ayniqsa unchalik rivojlanmagan mamlakatlarga adolatli tarzda taqsimlanishi uchun ko‘p ish qilish kerakligini aytdi. Uning ta'kidlashicha, «vaksinaga ega bo‘lish boylik darajasiga bog‘liq bo‘lmasligi kerak». 

 Geytsning so‘zlariga ko‘ra, boy bo‘lmagan mamlakatlar uchun AstraZeneca, Novavax va Johnson & Johnson vaksinalari mos keladi. Birinchidan, ular an'anaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan, ikkinchidan, Pfizer va Moderna vaksinalariga nisbatan arzon hamda uchinchidan, ularni saqlash oson.

Geyts sanab o‘tgan vaksinalar orasida Pfizer va BioNTech ishlab chiqqan vaksina Buyuk Britaniyada ma'qullandi. AQSh ushbu vaksinani 10 dekabr kuni ma'qullashi kutilmoqda, Moderna vaksinasi bo‘yicha ariza esa 17 dekabrda ko‘rib chiqiladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top