21:31 / 09.12.2020
19345

«Mansabdorlarning xorijda mol-mulk orttirishini tartibga solish vaqti keldi» - Akmal Burxonov

Korrupsionerlar shaxsi haqidagi ma'lumotlar e'lon qilinishi kutilmoqda. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik ham belgilanishi mumkin.

Davlat amaldorlarining xorijda aktivlar sotib olishini tartibga solish vaqti keldi, deb bayonot berdi Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burxonov. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qildi.

«Noqonuniy boylik orttirish yoki mansabdor shaxslarning chet ellarda mol-mulklarni xarid qilishi masalalari tartibga solinmagan. Bugungi kunda davlat xizmatchisi bo‘lgan xohlagan mansabdor shaxs chet elda bank hisobraqamini ochishi va istalgan mol-mulkni sotib olishi mumkin. Bularni ham tartibga solish vaqti keldi, deb o‘ylaymiz», – dedi Burxonov 9 dekabr kuni jurnalistlarga bergan intervyusida.

Agentlik rahbarining qayd etishicha, ayni paytda «E-antikor» platformasi ustida ish olib borilmoqda.

«Shu platformada korrupsion jinoyatlarga qo‘l urib, javobgarlikka tortilgan shaxslarni har bir soha kesimida ochiqlashni rejalashtirganmiz. Har olti oyda yoki muayyan davriy oraliqda bu ma'lumotlarni internetga joylab boramiz.

Buning vaqti keldi va eng asosiysi, vazirlik-idoralarning o‘zlari ham bunga – sohalarini tozalashga tayyor.

U yoki bu davlat idorasida bitta korrupsion xatti-harakat bo‘lsa, butun tizim nufuziga putur yetishini rahbarlar tushunib yetishdi. Bugungi kunda korrupsiyaviy xatar yuqori bo‘lgan sohalarning rahbariyati ham, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ham mana shunday jinoyatga qo‘l urganlarni ochiq-oydin ko‘rsatishga tayyorligini bildiryapti», – dedi u.

Akmal Burxonov O‘zbekistondagi qaysi sohalarda korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori ekanini ham ma'lum qildi.

«Hozir biz tadqiqotlar o‘tkazyapmiz. Ya'ni har bir sohadagi korrupsiya zanjirini, qaysi sohalarda eng ko‘p korrupsiya xavfi mavjudligini o‘rganyapmiz. Albatta, ijtimoiy sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlar eng ko‘pligini ko‘ryapmiz.

Afsuski, u yoki bu sohada ishlaydiganlarning oyliklari kam bo‘lsa, o‘sha yerda korrupsion xavf-xatarlar ko‘proq uchramoqda. Umuman, sohalar tanlab olingan. Bu – doim aytib kelinadigan ta'lim, sog‘liqni saqlash, qurilish va pandemiya davrida eng ko‘p korrupsiya alomatlari kuzatilgan davlat xaridlari sohalaridir.

Biz bu muammolarni o‘rganyapmiz. Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida amaldagi qonun hujjatlariga davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik masalasi kiritildi, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Hozircha faqat ma'muriy javobgarlik masalasi kiritilmoqda. Biz endi davlat xaridlari sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish masalasini ham qonunchilikka kiritish, umuman, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish ustida ishlayapmiz», – deydi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori.

Top