18:25 / 09.12.2020
19578

YeChL: «Kamp Nou»da Ronaldu Messidan ustun, Parijda irqchilik mojarosi va Sulsherning qo‘rqinchli tushi

Seshanba kuni Chempionlar ligasida to‘rt guruhda oxirgi o‘yinlar bo‘lib o‘tdi, «Yuve» «Barsa»ni yengdi, «Leypsig» «MYu»ni ortda qoldirib pley-offga yo‘l oldi, «PSJ» va «Istanbul» uchrashuvi irqchilik mojarosi tufayli keyinga qoldirildi.

«Yuve» mavsumdagi eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi
G guruhi
«Barselona» — «Yuventus» — 0:3
(Krishtianu Ronaldu, 13, penaltidan, 52, penaltidan. Makkenni, 20).

O‘tgan o‘n yillik davomida Messi va Ronaldu qarama-qarshiligi ispan chempionati va butun dunyo futboli bezagiga aylangan, ikki futbol dahosining g‘ayrioddiy imkoniyatlari barchani hayratlantirib kelgandi. Ikki yilu yetti oy ikki kunlik tanaffusda nafaqat millionlab muxlislar, bu ikki yulduzning o‘zi ham bir-birini sog‘inib qolishdi. Shu darajadaki, «Barselona» va «Yuventus» muddatidan oldin pley-off masalasini hal qilib ulgurgan bo‘lsa-da, bu azaliy raqiblarning birortasi natijasi ahamiyatsiz bo‘lgan o‘yinda ta'til olish haqida o‘ylab o‘tirmadi. Qolaversa, jamoalarning guruh bosqichi doirasidagi Turindagi birinchi o‘yinini Ronaldu koronavirusga chalingani tufayli o‘tkazib yuborgandi.

Futbol mezonlari bo‘yicha Leo va Krishtianu keksaygan, ammo baribir ularning navbatdagi uchrashuvi ularning ikkisi uchun ham hozirgidek murakkab davrda va noqulay sharoitda bo‘lishini hech kim kutmagandi. Argentinalik futbolchi tez orada o‘z kelajagi borasida qaror qabul qilishi kerak, chunki hozirgi jamoasi bilan holati havas qilgulik emas. «Barselona» ichki chempionatda o‘tgan turda debyutant «Kadis»ga yutqazib qo‘ydi va la ligada to‘qqizinchi o‘ringa tushib ketdi - jamoani «xavfli hudud»dan atigi uch ochko ajratib turibdi. Portugaliyalik futbolchining ham «Yuventus»dagi istiqboli tuman ichida, u Andrea Pirloning talablariga bo‘ysunishni istamayapti. Turin derbisida qiyinchilik bilan g‘alabaga erishildi, ko‘plab muxlislar hozirda Chempionlar ligasi kubogi haqida emas, skudettoni saqlab qolish haqida ko‘proq o‘ylashmoqda.

Lekin Messi va Ronaldu to‘qnashuvi — o‘ziga xos derbi. Bu barchasini bir chetga surib qo‘yish mumkin bo‘lgan o‘xshashi yo‘q hodisadir. Bu o‘yinda deyarli hech kim besh oylik tanaffusdan keyin nihoyat maydonga qaytgan va yaqin kelajakda «Yuventus»ga o‘tadigan Umtitiga e'tibor qaratmadi. Axir bu kimga ham qiziq, maydonda boshqa unikal futbolchilar turganida? Ular professional faoliyati davomida 700dan ortiq gol urgan va hali ham faoliyatini davom ettirayotgan ikki futbolchidir, hozirgi futbolchilar orasida faqatgina ular YeChL o‘yinlarida uchta raqam bilan ifodalanadigan gollar urishgan.

Hakam hushtagi yangrashidan oldin Leo va Krishtianu bir-birini quchoqlab suratga tushishi — bu oqshomning asosiy kadri edi. O‘yin ilk daqiqalardanoq «Yuve» tashabbusi bilan boshlandi. O‘yindagi birinchi zarbani portugaliyalik yulduz berdi va bu zarba ter Shtegenni ter to‘kishga majbur qildi. Bir necha daqiqa o‘tib mezbonlar himoyachisi Arauxo va Ronaldu o‘rtasidagi yakkakurashdan keyin arbitr «nuqta»ni ko‘rsatdi. Bu vaziyatda yaqqol qo‘pollik ko‘rinmadi, ammo tarixda bu emas, Krishtianu YeChLda «Barsa» darvozasiga ilk marta gol urgani qoladi. Bu uning asosiy yevrokubokda kataloniyaliklarga qarshi o‘tkazgan oltinchi o‘yini edi, u bu jamoa darvozasiga boshqa turnirlarda jami 18 gol urgan.

O‘yin goldan keyin ham mehmonlar ustunligida kechdi. Kataloniyaliklar «Kamp Nou»da Buffonni qanday qilib hayron qoldirish yo‘lini qila olishmadi. Jiji Messining  o‘ziga xos yerlatib berilgan kuchli zarbasini qaytardi, bu vaqtda «Yuve» hisobdagi farqni ikkitaga oshirib bo‘lgandi. Makkenni va Kuadrado xuddi mashg‘ulotlar vaqtidagidek ikki pas bilan raqib himoyasini dog‘da qoldirishdi. Shunday qilib ko‘k-anorranglilar Chempionlar ligasida ilk marta o‘yinning 20-daqiqasiga keliboq ikki gol o‘tkazishdi, albatta, «Bavariya»dan qabul qilib olingan 2:8 hisobidagi mag‘lubiyat oldida bu hayron qolgulik voqea emas.

Ikkinchi bo‘lim boshida ter Shtegen jamoasini Remsining ayyorona va kuchli zarbasidan qutqarganida mezbonlar yengil tin olishgandi. Ammo vaziyatga videohakamlar aralashdi - videotakrordan keyin «Barsa» himoyachisi Klement Langle to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani ma'lum bo‘ldi, «Kamp Nou»da Ronaldu ikkinchi golini nishonladi. Portugaliyalik futbolchi uchun bu klub miqyosidagi 650-gol bo‘ldi. Bu nafaqat ko‘k-anorranglilar o‘z maydonida 3:0 hisobida taslim etilishi edi, bu natija «Yuve» guruhda birinchi o‘rinni egallashini ta'minladi, birinchi davradagi o‘yinda Messining penaltidan urgan goli va golli uzatmasi katalonlarga safarda g‘alaba taqdim etgandi (2:0). Javob uchrashuvida vaziyatni o‘nglashi uchun turinliklarga 3:0 hisobidagi g‘alaba kerak edi va shunday bo‘ldi ham. Bu safar 42 yoshli Buffonga gol urib bo‘lmadi, o‘yinning 73-daqiqasida hakam uning darvozasiga penalti ham qo‘ygandi, ammo Leo to‘pni tepishga ulgurmadi, Grizmann de Ligtning qo‘polligidan oldin ofsaydga tushib qolgani ma'lum bo‘ldi. Muxlislar jang kutishgandi, maydonda esa «Barselona» ilojsiz qoldi, bu jamoa shu o‘yinga qadar 2013 yildan buyon 38 o‘yin davomida YeChL doirasida uyida yutqazmagandi. Ronaldu kelgunicha.

Messi esa o‘yin davomida 7 marta darvoza sohasiga zarba berdi - Opta ma'lumotiga ko‘ra, YeChLda 2003/04 yilgi mavsumdan buyon buncha aniq zarbadan bitta ham gol bo‘lmagan holat kuzatilmagandi.

«Dinamo» K — «Ferensvarosh» — 1:0 (Popov, 60).
Vengrlar jamoasini boshqarayotgan Sergey Rebrov o‘zi uchun jonajon bo‘lgan klubni Yevropa bahorisiz qoldira olmadi. Mircha Luchesku yana bir marta «Dinamo»ga taklif etilishi xato bo‘lmaganini ko‘rsatdi.

Sulsherning qo‘rqinchli tushi

N guruhi
«Leypsig» — «Manchester Yunayted» — 3:2 (Anxelino, 2. Aydara, 13. Klayvert, 69 — Brunu Fernandesh, 80, penaltidan. Pogba, 82).

Parijda irqchilik mojarosi bilan o‘ralashib qolishganida Leypsigda guruh omadsizi nomi aniq bo‘lib ulgurdi, «o‘lim guruhi»dan nemislar va fransuzlar omon chiqadigan bo‘lishdi. Bir tomonda bu mavsumda o‘z maydonida yutqazmayotgan nemislar, ikkinchi tomonda safarda a'lo darajada o‘yin ko‘rsatayotgan «MYu». «Qizil iblislar» barcha turnirlar doirasida safardagi so‘nggi to‘qqiz o‘yindan sakkiztasida g‘alaba qozonishdi, faqat o‘z ahmoqliklari tufayli YeChL doirasida «Istanbul»ga safarda mag‘lub bo‘lishdi. Agar bu qoqilish bo‘lmaganida, inglizlar so‘nggi turni rasmiyatchilik uchun o‘tkazgan bo‘lishardi. Buning o‘rniga jamoa hal qiluvchi o‘yinga asosiy futbolchilari - jarohatlanib safdan chiqqan Marsiyal va Kavanisiz tashrif buyurishga majbur bo‘ldi. Qolaversa, mojaroli Mino Rayola aynan shu o‘yin arafasidagi so‘zlari bilan barchaning ko‘nglini xira qildi. Pogbaning agenti yana bir marta o‘z mijozi kelajagini «MYu»da ko‘rmayotgani va yaqinda «Yuventus»ga qaytishi haqida aytib chiqdi.

Fransuz futbolchisi so‘nggi vaqtlarda juda kam maydonga tushmoqda va uning tarkibda yo‘qligi bilinmayapti. Anxelinoning tezkor goli, uning jarima maydonida bo‘sh qoldirilishi jiddiy muammo. Bu hali muammolarning boshlanishi edi. Ko‘p o‘tmay ushbu ispaniyalik Aydarani golli pas bilan ta'minladi, agar VAR bo‘lmaganida 30-daqiqadayoq hisob yirik ko‘rinishga kelgan bo‘lardi - Zabitserning goli bilan yakunlangan hujum vaqtida Konate zarba berish vaqtida ofsaydda qolgani ma'lum bo‘ldi. Ole Gunnar Sulsher Yulian Nagelsmanning uch markaziy himoyachi bilan o‘ynash sxemasini takrorlashga urinishi ish bermadi, tanaffusda norvegiyalik mutaxassis Aleks Telles o‘rniga yarimhimoyachi van de Bekni tushirdi.

Birinchi bo‘limda 15 marta to‘p yo‘qotgan braziliyalik himoyachi almashtirish uchun birinchi raqamli nomzod edi. Usiz ham «MYu» hujumlar uyushtirdi, Brunu Fernandeshning jarima nuqtasidan yo‘llagan zarbasi darvoza to‘sinidan qaytdi, golga bir necha santimetr yetmadi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan Klyuyvert esa de Xeani dog‘da qoldirib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Ammo o‘yin natijasi aniqdek ko‘ringan vaqtda «qizil iblislar» ikki gol urib, o‘yinda intriga hosil qilishdi. Gollardan birini Fernandesh penaltidan urdi, ikkinchisi o‘yinga zaxiradan qo‘shilgan Pogba nomiga yozildi, ammo Sulsher futbolchilik vaqtidagi kabi mo‘jiza ro‘y bermadi. Parijdagi o‘yin natijasidan qat'i nazar «Manchester» Yevropa Ligasiga tushib ketdi, o‘tgan mavsum yarimfinalchisi «Leypsig» esa «PSJ» bilan birga guruhdan chiqadi.

Parijdagi «PSJ» va «Istanbul» o‘rtasidagi o‘yin boshida irqchilik mojarosi yuzaga kelib, o‘yin 16-daqiqada to‘xtatildi. To‘rtinchi hakam irqchilik ruhidagi so‘z ishlatgach, turklar jamoasi maydonni tashlab ketdi.

Hodisa ishtirokchilari to‘rtinchi hakam, ruminiyalik Sebastyan Kolsesku, istanbulliklar jamoasi hujumchisi Demba Ba va turklar jamoasi murabbiylaridan biri Per Vebo bo‘lishdi. Versiyalardan biriga ko‘ra, Kolsesku Veboni «qora» deb atagan, shundan keyin «Istanbul» forvardi Demba Ba referining oldiga chopib kelgan va keskin norozilik bildirgan. Boshqa versiyaga ko‘ra, Kolsesku Bani haqoratlagan va uni «qora yigit» deb atagan, Ba va Vebo uning bu harakatiga norozilik bildirishgan. Yakunda bosh hakam Ovidiu Xatsgan murabbiyga bahslashuv uchun qizil kartochka ko‘rsatgan.

«Istanbul» to‘liq tarkibda kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi. Ularning ortidan parijliklar klubi ham maydonni tark etishdi. O‘yin delegatlari futbolchilarni maydonga qaytishga ko‘ndirishga urinishdi, ammo muzokaralar naf bermadi.

«Istanbul» klubining tvitterida shunday yozuv paydo bo‘ldi: «Irqchilikka yo‘q deymiz».

Ko‘p o‘tmay internetda arbitrlar guruhining so‘zlashuvi rasshifrovkasi paydo bo‘ldi. «Qora yigit, o‘rindiqdagi. Borib tekshir, kim u. O‘sha qora, o‘zini bunday tutmasligi kerak», — degan Kolsesku bosh arbitrga.

Baning so‘zlari ham rasshifrovka qilingan. Qisqacha aytganda, u shunday degan: «Axir sen «bu oq yigit demaysan», shunchaki «bu yigit deysan. Nega meni negro deyapsan?!»

Tvitterda «Istanbul»ni Istanbulning boshqa jamoalari ham qo‘llab-quvvatlashdi — «Beshiktosh» va «Galatasaroy».

Istanbuldagi uchinchi superklub — «Fenerbahche» — o‘z vaqtida klubda to‘p surgan Veboni qo‘llab-quvvatladi.

«Irqchilikka yo‘q deymiz. Vebo, biz sen bilan», — deya fikr qoldirgan parijliklar hujumchisi Kilian Mbappe o‘yindan keyin.

O‘yin boshlangan vaqtdan ikki soat o‘tib UYeFA matbuot xizmati hodisa yuzasidan bayonot berdi: «UYeFA YeChL doirasida «PSJ» va «Istanbul» o‘rtasidagi o‘yinda bo‘lgan voqeadan xabardor qilindi. Biz sinchkovlik bilan tekshiruv o‘tkazamiz. Futbolda irqchilik va diskriminatsiyaga o‘rin yo‘q».

Telefoot nashrining fransuz jurnalistlari Kolseskuning o‘zidan izoh olishgan: «Negru» ruminchasiga «qora» degani, men irqchi emasman», — degan arbitr.

O‘yin avvaliga yarim tunda davom ettirilishi kutilgandi, ammo Kolseskuning o‘rniga boshqa hakam topilganiga qaramay o‘yin shu kuni davom ettirilmadi.

O‘yin bugun Toshkent vaqti bilan soat 22:55da 13-daqiqadan davom ettiriladi. O‘yinni Denni Makkeli boshchiligidagi niderlandiyalik va polshalik hakamlar boshqarib borishadi.

«Latsio» halokat yoqasida qoldi
F guruhi
«Latsio» — «Bryugge» — 2:2 (Korrea, 12. Immobile, 27, penaltidan — Former, 15. Fanaken, 76).
«Zenit» «Borussiya»ga yutqazayotgan mahal, rimliklar kuchli yomg‘ir ostida o‘ynayotgan va durang hisobni saqlab qolish haqida o‘ylashayotgandi. «Bryugge» «burgutlar»ning birinchi goliga tezda javob qaytarishdi, lekin mezbonlar tezda ustunlikni o‘ziga qaytardi. Faqat g‘alaba qoniqtiradigan belgiyaliklardan omad yuz o‘girdi, ikkinchi sariq kartochkani olgan ukrainalik himoyachi Sobol maydondan chetlatilib, mehmonlar 10 kishi bo‘lib qolishdi. «Oltin butsa» egasi Immobile penaltidan unumli foydalanib, YeChLda bir mavsumdagi ilk to‘rt o‘yinida qatorasiga gol urish borasida Del Pero va Filippo Indzagidan keyingi uchinchi italiyalik futbolchi bo‘ldi.

Belgiyaliklar baribir o‘z imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Simone Indzagi yetakchilarini ehtiyotlash uchun birdaniga uch futbolchini almashtirgach, «Bryugge» qanotdan muvaffaqiyatli hujum uyushtirdi va bu hujum Fanakenning goli bilan yakun topdi. Oxirgi daqiqalarda mezbonlar darvozasi tomon belgilangan uchinchi burchak to‘piga darvozabon Minole ham yetib keldi, «Latsio» so‘nggi lahzalarda pley-offdan quruq qolishi mumkin edi — o‘yinga qo‘shib berilgan ikkinchi daqiqada Reyna darvozasini goldan darvoza to‘sini qutqarib qoldi.

A guruhi
«Renn» — «Sevilya» — 1:3 (Ryutter, 86, penaltidan — Kunde, 32. En-Nesiri, 45+2, 81).

«Chelsi» — «Krasnodar» — 1:1 Gollar: Kabella, 24 (0:1). Jorjinyu, 28 — penaltidan (1:1).

Mavzuga oid
Top