15:22 / 10.12.2020
5106

YUNISEF bilan qo‘shma dastur doirasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati uchun 16ta avtomobil topshirildi

Avtotransport vositalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatining viloyat bo‘limlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ulardan butun mamlakat bo‘ylab bolalarning vaqtida emlanganligining monitoringini olib borish sifatini yanada yaxshilash uchun foydalaniladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi YuNICeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda yurtimizdagi immunizatsiya tizimini mustahkamlash borasida bir qator ishlar amalga oshirmoqda. Jumladan, bugun ushbu yo‘nalishdagi qo‘shma dastur doirasida BMTning Bolalar fondi vazirlikning Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga immunizatsiya jarayoniga ixtisoslashgan 16ta zamonaviy transport vositasini topshirdi.

Avtotransport vositalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatining viloyat bo‘limlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ulardan butun mamlakat bo‘ylab bolalar vaqtida emlanganligining monitoringini olib borish sifatini yanada yaxshilash uchun foydalaniladi.

«Immunizatsiya bolalar orasida kasalliklarning oldini olishda asosiy omillardan biridir. Ayni paytda mamlakatimiz milliy emlash kalendaridan 13ta vaksina o‘rin egallagan bo‘lib, aholini emlash bilan qamrab olish 99 foizni tashkil etmoqda. YuNICeF bilan ushbu yo‘nalishdagi hamkorligimiz esa mamlakatimizdagi barcha bolalarning salomatligi uchun katta ahamiyatga ega», dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Botirjon Qurbonov.

Marosimda transport vositalari YuNICeF va Vaksinalar va immunizatsiya bo‘yicha global alyans tomonidan ko‘rsatilgan ko‘mak yordamida O‘zbekistonning milliy emlash dasturini yanada takomillashtirish maqsadida sotib olingani ta'kidlandi. Shuningdek, YuNICeF Sog‘liqni saqlash vazirligiga markaziy, viloyat va tuman darajalarida vaksina omborlarini qurish hamda sovuqxonalar, muzlatgichlar va sovutgichlarni sotib olish, ularni o‘rnatish hamda vaksinalarni tashish uchun transport vositalarini sotib olish orqali milliy emlash dasturini kuchaytirishga ko‘maklashmoqda.

Bundan tashqari, vaksinalar logistikasini boshqarish uchun axborot tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur loyiha milliy emlash tizimini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda.

«Ishonamanki, ushbu transport vositalari, sovuqlik zanjirini ta'minlash uchun taqdim etilgan boshqa qurilmalar bilan bir qatorda, butun mamlakat bo‘ylab bolalar sog‘lig‘ini yaxshilashga katta hissa qo‘shadi. Bolalar uchun vaksinalarni o‘z vaqtida taqsimlash muhim vazifa hisoblanadi. Shuning uchun ham bugun taqdim etilgan yordam hamda viloyatlarga yetkaziladigan avtomobillar mamlakatning barcha hududlariga sifatli vaksinalarni yetkazib berishni ta'minlashga xizmat qiladi», deya YuNICeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Jyefri Ijumbaning so‘zlarini keltirgan Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Top