22:02 / 11.12.2020
9064

O‘zbekistonda barcha maktablarni optik tolali internetga ulash ishlari 1 yil ichida yakunlanishi aytildi

2021 yilda 20 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalarini qurish, mobil aloqa qamrovini 95 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Foto: REUTERS/Kacper Pempel

2021 yil oxirigacha O‘zbekistondagi barcha maktablar optik tolali internet bilan qamrab olinadi, deb ma'lum qildi «O‘zbektelekom» AK bosh direktori o‘rinbosari Alisher Zafarov.

U chekka va tog‘li hududlardagi maktablarga sifatli internet qachon yetib borishi haqidagi savolga javoban shu haqda ma'lum qildi.

«Mo‘ljalimiz bo‘yicha bu ishlarni 2021 yil oxirigacha cho‘zmaslik chorasini ko‘ramiz. Chunki ayrim joylar haqiqatan ham juda uzoqda joylashgan. Biz shunday hududlarning har biriga optik tolali aloqa liniyalarini yetkazib borishni maqsad qilganmiz.

Har bitta obekt bo‘yicha hozirda to‘liq ma'lumotimiz bor. Nafaqat optika, balki sun'iy yo‘ldoshdan foydalanish tomonlarini ham o‘ylab ko‘rmoqdamiz. Bu ishni keyingi yildan kechiktirmaymiz», – dedi «O‘zbektelekom» rasmiysi 11 dekabr kungi matbuot anjumanida.

Ma'lum qilinishicha, 2020–2022 yillarda internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlarini 2,5 milliongacha ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 20 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurish va mobil aloqa qamrovini 95 foizga yetkazish belgilangan.

Mas'ullarga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 22 mln kishidan ortiqni tashkil etmoqda. Shundan 19 million kishi – mobil internet foydalanuvchilaridir.

Top