23:22 / 11.12.2020
5054

Toshkentda pandemiya sharoitida kuzatilgan inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi

Toshkent shahridagi Hilton mehmonxonasida O‘zbekiston Ombudsman institutining 25 yilligi hamda Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan xalqaro onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarlari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, BMT Taraqqiyot dasturi, Xalqaro qamoqxonalar islohoti nodavlat tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbirda inson huquqlari sohasidagi milliy va xalqaro tashkilotlarning ko‘zga ko‘ringan vakillari, xorijiy davlatlar ombudsmanlari, inson huquqlari faollari ishtirok etishdi.

Tadbirda ombudsman faoliyatini raqamlashtirish, pandemiya sharoitida aholi murojaatlari bilan ishlash, inson huquq va erkinliklarini ta'minlashning innovatsion usullari, boshqa davlatlardagi ombudsmanlar va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Anjumanda inson huquqlari sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilotlarning ekspertlari O‘zbekistondagi sohaga oid o‘zgarishlarni e'tirof etgan holda qilinishi kerak bo‘lgan islohotlar, mavjud muammolar haqida ham to‘xtalishdi.

Ulug‘bek Muhammadiyev

«Onlayn konferensiyamizni ombudsman faoliyatini raqamlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash hamda himoya qilishning innovatsion mexanizmlari muhokamasiga bag‘ishladik. Bunga sabab – pandemiya sababli dunyo miqyosida juda ko‘p muammolar yuzaga keldi. Ya'ni insonlar o‘rtasidagi muloqot, insonlar va davlat idoralari, hukumat o‘rtasidagi munosabatda murakkabliklar, [ayrim huquqlarni] cheklashlar yuzaga keldi. Bu albatta ko‘plab mamlakatlarda aholining noroziliklariga sabab bo‘ldi.

Bugun konferensiyada fuqarolar murojaati bilan ishlashda raqamlashtirishning ahamiyati qandayligi haqida so‘z bordi. Ya'ni pandemiya sharoiti sabab insonlar o‘rtasidagi muloqot cheklanar ekan, demak, ular axborot texnologiyalaridan foydalangan holda turli idoralarga murojaat qilishda davom etishi, o‘zlarining muammolari, shikoyatlarni yetkazishi zarurligi haqida fikr almashdik.

Konferensiyamizda Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining ombudsmanlari ishtirok etishdi. Ular bilan pandemiya sharoitida kuzatilgan inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlarini muhokama qildik», – deya ombudsman Ulug‘bek Muhammadiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbir davomida YeXHT, Xalqaro qamoqxonalar islohotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi hamda Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rtasida memorandumlar imzolandi.

Yil davomida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi faol ishtiroki uchun bir qator jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari, jumladan, Kun.uz sayti tahririyatiga tashakkurnoma va maxsus nishon topshirildi.

Top