07:59 / 12.12.2020
9479

BMT bosh kotibi 80 yil ichidagi eng kuchli retsessiya haqida ogohlantirdi

Guterrish mamlakatlarni pandemiyaga nisbatan tartibsiz reaksiya uchun tanqid qilib, ular eng zarur narsalarni yetkazib berish uchun raqobatlashganini ta'kidladi va vaksinalarni tarqatishda bunday holatlarning oldini olishga chaqirdi.

Foto: Global Look Press

Koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy ta'siri juda katta va ko‘payishda davom etmoqda, dunyo 80 yil ichidagi eng katta iqtisodiy pasayishga duch kelishi mumkin. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Nobel mukofoti forumida ma'lum qildi

«Biz so‘nggi sakson yil ichidagi eng kuchli global retsessiya oldida turibmiz. O‘ta qashshoqlik va ocharchilik tahdidi kuchaymoqda», - deya ogohlantirdi u. Bu holatga «pandemiya tufayli yaqqol ko‘ringan jamiyatdagi tengsizlik hamda adolatsizlik» sabab bo‘lgan. 

Guterrishning ta'kidlashicha, hech qanday emlash yetkazilgan zararni bartaraf eta olmaydi. BMT bosh kotibi sodir bo‘layotgan voqealarni global tahdid deb atab, unga qarshi mamlakatlar birgalikda javob ishlab chiqmagani, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) esa infeksiyaga qarshi kurashish uchun barcha kerakli ma'lumotlarni taqdim etganini bildirdi. 

Pandemiyaga reaksiya tarqoq va tartibsiz bo‘ldi, dedi Guterrish. «Mamlakatlar, mintaqalar va hatto shaharlar bir-biri bilan eng zarur buyumlarni yetkazib berish va ilg‘or tibbiy xizmatlar uchun raqobatlashdi», - dedi u va COVID-19’ga qarshi vaksinalarni tarqatishda vaziyat takrorlanishining oldini olishga chaqirdi. 

Dekabr oyi boshida AQSh Milliy iqtisodiy tadqiqotlar byurosi (NBER) pandemiyaning globallashuv va savdoga ta'siri to‘g‘risida hisobot taqdim etdi. Tadqiqot muallifi, Harvard universitetida iqtisod professori Pol Antrasning ta'kidlashicha, COVID-19 bir xil bo‘lmagan zarar yetkazgan. Ya'ni, aholining kam ta'minlangan qismi eng ko‘p jabr ko‘rdi, bu esa savdoda ochiqlik siyosatini qo‘llab-quvvatlashni susaytirishi mumkin, dedi u.

Top