09:17 / 13.12.2020
15233

Texasda AQSh tarkibidan chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazish taklif qilindi

AQSh oliy sudining 3 noyabrda o‘tgan prezident saylovlari natijalarining bir qator shtatlarda tan olinmasligi bo‘yicha Texas da'vosini rad etishi ushbu shtatda ayirmachilik kayfiyatining avj olishiga olib keldi. Jumladan, shtatning AQSh tarkibidan chiqishi bo‘yicha referendum o‘tkazish taklif qilindi.   

Foto: texas.gov

Bunday taklifni Texasning vakillar palatasi a'zosi, respublikachi Kayl Bidermann bildirgan. Bu haqda Bidermanning tvitterdagi akkauntiga tayanib Fox News telekanali xabar berdi

“Federal hukumat nazorat ostidan chiqqan va Texas aholisi uchun hech qanday qiymatga ega emas”, deb aytgan siyosatchi.

Aynan shu sababli siyosatchi texasliklarga referendum o‘tkazishga va shtatga mustaqil davlat maqomini olishga imkon beruvchi qonun loyihasini tayyorlamoqda.

Bu orada Respublikachilar partiyasining Texas shtatidagi raisi Allen Uest oliy sudning qaroriga javoban AQSh konstitutsiyasi tamoyillariga amal qiluvchi “shtatlar ittifoqini” tuzishni taklif qildi. 

Uestning ta'kidlashicha, oliy sud Texasning Jorjiya, Michigan, Pensilvaniya va Viskonsinda saylov natijalarini noqonuniy deb tan olishi bo‘yicha arizasini rad etgani ba'zi shtatlarga AQSh konstitutsiyasini buzishga va buning uchun hech qanday jazo olmaslikka imkon beruvchi xavfli holatni yuzaga keltiradi.

“Oliy sud 17ta shtat va 106 nafar kongressmen tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Texasning da'vo arizasini rad etib, shtatlar konstitutsiyaga zid harakatlarni amalga oshirishi va saylovlar haqidagi o‘z qonunlarini buzishi mumkinligi haqida qaror chiqardi”, deb aytilgan Uestning bayonotida.

Siyosatchining so‘zlari jamoatchilik va OAV orasida turli munosabatga sabab bo‘ldi. Ba'zilar Uestning bayonotini “AQSh tarkibidan chiqishga chaqiriq” deb baholashgan. 

Texas AQSh tarkibidan bir marta – 1861 yilda chiqib, Amerika Konfederativ shtatlariga qo‘shilgan. AQShdagi fuqarolik urushidan keyin Texas 1870 yilda yana AQSh tarkibiga qabul qilingan.

Top