17:00 / 14.12.2020
4394

Davlat xizmatlari agentligi uch yillik faoliyati natijalari haqida ma'lumot berdi

Bundan uch yil oldin, 2017 yil 12 dekabrda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimida o‘zgarishlar boshlangan, bu sohada mas'ul davlat organi – Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilgan edi.

Foto: KUN.UZ

Davlat xizmatlarini olishdagi byurokratiya va korrupsiya darajasini kamaytirish – agentlikning asosiy vazifalaridan etib belgilangan.

DXA matbuot xizmati tashkilotning uch yillik faoliyati yuzasidan ayrim ma'lumotlarni taqdim etdi.

Faoliyat – raqamlarda

Ayni paytda O‘zbekistonning barcha hududlarida jami 203ta DXM ishlab turibdi. Ularda 150 turdagi davlat xizmatlari fuqaroning yashash joyidan qat'i nazar, ya'ni eksterritorial tamoyil asosida taqdim etiladi.

Davlat xizmatlari tizimiga tegishli 70dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar soni 167 tadan 79 taga, xizmat ko‘rsatish uchun talab etiladigan muddat esa qariyb 2 barobardan ko‘proqqa – jami 465 kundan 245 kunga qisqardi.

O‘tgan 3 yil davomida Davlat xizmatlari markazlari orqali 25 milliondan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi.

Xizmat oluvchilarga qulay bo‘lishi uchun, markazlar ish kunlari uzaytirilib, shanba kunlari ham 15:00ga qadar xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Xalqaro e'tirof

Davlat xizmatlari ko‘rsatishda ilk bor umumrespublika bo‘yicha xizmat ko‘rsatishning eksterritorial tamoyili hamda tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bir vaqtda bank hisobraqamlarini ochish mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, muhr va shtamplardan foydalanish majburiyati bekor qilindi.

Natijada Jahon bankining «Biznesni yuritish – 2020» reytingida Davlat xizmatlari agentligi mas'ul bo‘lgan «Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish» indikatorida O‘zbekiston 190 ta davlat ichida 8-o‘rinni egalladi.

Sayyor davlat xizmatlari

DXA sayyor davlat xizmatlarini ham ko‘rsatib kelmoqda. Dam olish kunlari DXM xodimlari maxsus texnika bilan jihozlangan transport orqali borish qiyin bo‘lgan chekka va tog‘li hududda yashovchi aholi uchun joylarga chiqqan holda zarur hujjatlarni taqdim etishadi.

Shu kungacha maqbul, qulay va shaffof uslublardan foydalangan holda respublika bo‘yicha 530 mingga yaqin sayyor xizmatlar ko‘rsatildi.

Tuman markazidan uzoqda (100–300 km) joylashgan hududlarda hamda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, davlat xizmatlari markazining filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ularning soni 100 dan oshdi, ko‘rsatilgan xizmatlar soni qariyb 80 mingdan oshdi.

«Hujjatlar harakatlanishi»

Fuqarolarning davlat xizmatchilari bilan aloqasini imkon darajada kamaytiradigan tizimni yaratish – DXAning asosiy vazifalaridan biri. Bularni amalga oshirishning asosiy mezoni esa – davlat idoralarining arxiv hujjatlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida zarur ma'lumotlarning elektron tizimlarini tashkil etishdir.

DXA raqamlashtirish ishlarini FHDYo organlaridan boshladi. Buning uchun maxsus raqamlashtirish uskunalari ishga solindi. Natijada, bugungi kunda FHDYo organlarining mavjud 60 millionga yaqin arxiv ma'lumotlarining 90 foizidan ortig‘i raqamlashtirildi.

Yana qanday qulayliklar bor?

Davlat xizmatlarini masofadan olish qulaylashishi uchun elektron raqamli imzoni onlayn olish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, farzand tug‘ilganini rasmiylashtirish uchun FHDYo organlarida kompozit (birlashtirilgan) xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Ya'ni tug‘ilishni qayd etish, bolani poliklinikada ro‘yxatga qo‘yish, turar joyi bo‘yicha hisobga olish, bir martalik nafaqa pulini tayinlash hamda davlat maktabgacha ta'lim muassasasiga navbatga qo‘yish xizmatlari bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi.

Kompozit davlat xizmatlari ko‘rsatilishining yo‘lga qo‘yilishi bilan 15 dan ortiq hujjat qisqarib, 4 ta idoraga borishga chek qo‘yildi. Ushbu xizmat ishga tushirilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar 100 mingga yaqin fuqaro ushbu qulaylikdan foydalanishga ulgurdi.

Tadbirkorlik sohasida ham bir muncha jarayonlar osonlashdi. Masalan, endilikda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bir vaqtda 30 ta tijorat banklarda hisobraqam ochish imkoniyati mavjud. Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bir vaqtda xodimlarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, shuningdek, elektron raqamli imzo olish ham mumkin bo‘ladi.

Davlat xizmati uchun to‘lov qilishdagi muammolarni bartaraf etish uchun markazlarda pay.davxizmat.uz elektron to‘lov tizimi orqali naqd pul qabul qilish mexanizmi joriy etilgani ham tizimdagi muhim yangiliklardan biri.

Davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida to‘langan pul mablag‘lari haqidagi ma'lumot murojaat mualliflarining telefon raqamlariga sms-xabar tarzida keladi.

Joriy yilning noyabr oyidan boshlab ayrim tuman (shahar) DXMlarida sinov tariqasida «surdo-online» planshetlari ishga tushirildi. «Surdo-online» planshetlari internetga ulangan bo‘lib, bevosita onlayn tarzda eshitishi va gapirishida nuqsoni bor shaxslar bilan to‘laqonli muloqotni ta'minlaydi.

«Albatta, sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Davlat xizmatlari agentligi tartib-taomillarni soddalashtirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi», – deyiladi agentlikning Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi axborotida.

Top