21:05 / 15.12.2020
23507

Otabek Umarov Osiyo Olimpiya Kengashining vitse-prezidenti etib saylandi

O‘monning Maskat shahrida Osiyo Olimpiya Kengashining navbatdagi Bosh Assambleyasi o‘z ishini boshlamoqda, deya xabar beradi MOQ matbuot xizmati.

«Bugun, 15 dekabr kuni assambleyadan bir kun avval, an'anaga ko‘ra 74-Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilot rahbariyatining yangi tarkibi va Ijroiya qo‘mitasiga a'zolar saylandi.

Osiyo Olimpiya Kengashining (OOK) konstitutsiyasida (qoidalarni qo‘llash, 71 va 76-moddalariga asosan) 5 yirik kompleks musobaqalarga mezbon mamlakat OOK vitse-prezidenti lavozimiga nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lishi qayd etilgan.

O‘zbekiston 2025 yil IV yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi evaziga birinchi marta o‘z vakilini sayyoramizning eng yirik qit'asida olimpiya harakatiga mas'ul bo‘lgan tashkilot rahbariyatiga nomzod sifatida taklif etish imkoniga ega bo‘ldi.

Mazkur nufuzli anjumanning biz uchun e'tiborli jihati, OOK vitse-prezidentligiga nomzodlar qatorida hamyurtimiz, Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbari Otabek Umarov ham bor edi.

10 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari onlayn yig‘ilishida Otabek Umarovni mamlakatimiz nomidan OOK vitse-prezidentligiga nomzod sifatida tavsiya etishga qaror qilingandi. Bugun bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida Otabek Umarov nomzodi bir ovozdan ma'qullandi va Otabek Umarov rasman tashkilot vitse-prezidenti etib saylandi», - deyiladi xabarda.

«Avvalambor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Bunday nufuzli tashkilotda mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish, qit'ada olimpiya harakatini rivojlantirishga hissa qo‘shish men uchun sharaf. Toshkentda o‘tadigan 2025 yilgi yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish yangi O‘zbekiston uchun jahon hamjamiyati oldidagi jiddiy sinovlardan biri. Muhtaram Prezidentimiz va hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga bor kuch va g‘ayratimizni ishga solamiz», – dedi Otabek Umarov.

Ertaga, 16 dekabr kuni Maskatda Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Otabek Umarov rasman OOK vitse-prezidenti sifatida ishtirok etadi. Yanada ahamiyatlisi, assambleya doirasida OOK va O‘zbekiston tomoni o‘rtasida 2025 yil yoshlar Osiyo o‘yinlarini Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.

«OOK Bosh Assambleyasi yig‘ilishida O‘zbekiston nomidan Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, qo‘mita bosh kotibi, Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo o‘yinlari direktori Oybek Qosimov, MOQ raisi o‘rinbosarlari S.Polatov, A.Komilov, shuningdek, MOQ raisi maslahatchilari I.Shodiyev va Sh.Asatullayevlar ishtirok etishmoqda», - deyiladi O‘zbekiston MOQ matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid
Top