07:07 / 15.12.2020
20124

Rasman: Jo Bayden AQSh prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘ldi

AQSh prezidentligiga demokratlar partiyasidan nomzod qilib ko‘rsatilgan sobiq vitse-prezident Jo Bayden mamlakatdagi prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘ldi.

Foto: Getty Images

AQShda saylov g‘olibini rasman tasdiqlovchi vakillar kengashidagi ovoz berish natijalari yakunlanmay turib Jo Bayden g‘olib bo‘lgani ma'lum bo‘ldi. Kaliforniyadagi 55 ta vakillik ovozini olgani Baydenning g‘alabani qo‘lga kiritishi uchun yetarli bo‘ldi. Endi uni rasman AQShning 46-prezidenti deb atash mumkin.

AQShda prezidentlik saylovlari ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda saylovchilar o‘ziga xos vakillarni saylaydilar, ikkinchi bosqichda vakillar o‘zlariga ovoz bergan odamlar nomidan prezidentni saylaydi. Vakillik ovozlari umumiy hisobda 538 tani tashkil etadi. Ovozlar shtatlarga aholi soniga qarab taqsimlangan. Masalan, 40 million amerikalik yashaydigan Kaliforniya shtatiga eng ko‘p (55 ta) vakillik ovozi berilgan. Azaliy demokratlar shtati bo‘lgan Kaliforniyadagi g‘alaba bu gal ham demokrat nomzod g‘alabasi uchun hal qiluvchi bo‘ldi.

Vakillik ovozlari to‘liq hisoblanmagan holatda Jo Bayden ayni damda 302 ga 232 farq bilan g‘alabani rasmiylashtirib bo‘ldi. AQSh prezidentlik saylovlaridagi g‘alaba uchun 270 ta vakillik ovozining o‘zi kifoya va Bayden allaqachon keragidan 32 ta ko‘proq ovoz olib bo‘ldi. Havayidagi oxirgi ovozlar ham tez orada hisoblab bo‘linadi.

Odatda vakillik kengashi ovozlari shunchaki saylov natijalarini rasmiylashtirib qo‘yish uchun xizmat qilardi, biroq bu yil kengash natijasini butun mamlakat kutdi. Chunki saylovlar 3 noyabrda o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramay, natijalar 40 kun o‘tgach ham ma'lum qilinmadi. Sababi juda ko‘p amerikaliklar saylovlarda pochta orqali ovoz berdi. Ularni hisoblash esa keragidan ko‘proq vaqtni talab qildi. Amaldagi prezident Donald Tramp esa pochta orqali ovoz berish natijalarni soxtalashtirish uchun sharoit yaratgani haqida gapirib keladi.

AQShdagi yirik OAVlar Baydenning g‘alabasini saylovdan bir necha kun o‘tiboq e'lon qilgandi, lekin demokratning g‘alabasi rasman tasdiqlanmayotgandi. Vakillik kengashida to‘plangan yetarli ovoz esa Baydenni AQShning 46-prezidenti deb atashga imkon beradi. Kongress 6 yanvar kuni Bayden saylovda g‘olib bo‘lganini rasman tasdiqlaydi. 20 yanvar kuni esa Jo Baydenning inauguratsiya marosimi o‘tkaziladi. O‘sha kuni AQSh vaqti bilan tushga qadar Donald Tramp cheklangan vakolatlar bilan AQShning amaldagi prezidenti vazifasida qoladi. Inauguratsiya marosimi vaqtidagi millatga qasamyodidan keyin esa Jo Bayden rasman AQShning 46-prezidentiga aylanadi.

Mamlakatning amaldagi prezidenti Donald Tramp esa ketma-ket ikki muddat prezidentlikka saylanmagani sabab keyingi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘yish huquqini saqlab qoladi. Chunki AQSh qonunchiligiga ko‘ra, belgilangan talablarga mos keluvchi har bir fuqaro ikki marta mamlakat prezidenti lavozimiga saylanishi mumkin.

Mavzuga oid
Top