07:58 / 15.12.2020
4386

Xorazm viloyati pedagoglari oliy toifali pedagoglar ulushi bo‘yicha hududlar orasida birinchi o‘ringa chiqdi

Xorazm viloyati pedagoglari o‘z ustida ishlab, oliy toifali pedagoglar ulushi bo‘yicha hududlar orasida birinchi o‘ringa chiqdi. Bu respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichidan deyarli ikki barobar ko‘p, deb yozadi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov.

Uning qayd etishicha, birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi bo‘yicha ham xuddi shunday natija. Odatda oliy toifali va birinchi toifali o‘qituvchisi ko‘p bo‘lgan maktablarda ta'lim sifati yuqoriroq bo‘ladi. 

Aksincha, maktab jamoasi asosan toifasiz yoki umuman oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan o‘qituvchilardan tashkil topgan bo‘lsa, ushbu maktablarda ta'lim sifati ham shunga yarasha bo‘ladi. Umuman bitiruvchisi OTMga kira olmagan maktablar soni respublikada 3 barobar kamaygan bo‘lsa, Xorazm viloyatida 4 barobar kamayib, ularning umumiy maktablar orasidagi ulushi bo‘yicha ham viloyatlar ichida eng yaxshi natija qayd etilgan.

“Qator qishloq maktablarining moddiy-texnik ahvoli yetarli darajada bo‘lmasa-da, fidoyi pedagoglar jamoasi mehnati tufayli bitiruvchilarning oliy ta'limga kirish ko‘rsatkichi 50-80 foizlarni tashkil qilayotganiga guvoh bo‘ldim. 

Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashriflari natijasida, maktablar holatini yaxshilash uchun kelgusi yilgi investitsiya dasturiga qo‘shimcha 85 mlrd so‘m ajratilib, umumiy summa deyarli 2 barobarga oshirilishi bo‘yicha vazifa qo‘yildi.

Bu viloyatdagi yana ko‘pgina maktablar holatini yaxshilashga yordam beradi. Galdagi vazifa aynan eng og‘ir ahvoldagi maktablarni ushbu qo‘shimcha mablag‘larni yo‘naltirish ro‘yxatiga kiritish hamda viloyat hokimligi yagona buyurtmachisi tomonidan tanlanadigan quruvchi kompaniyalar ishni sifatli amalga oshirishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini joylarda to‘g‘ri tashkil etish”, — deb yozadi vazir.

Top