17:56 / 16.12.2020
7860

11,5 mlrd so‘mlik «mato» operatsiyasi, «tilla magnitofon» va boshqalar - bojxona xabarlari

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ma'lumot berdi.

Xorijiy aviareys bilan uchib kelgan fuqaro A.E.ga tegishli yuklarning skaner qurilmalarida olingan tasvirlari Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona posti xodimlarining e'tiborini tortdi.

Ushbu yuklar o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, ularning ichida 1 dona avtomagnitofon va 1 dona akkumulyator batareyasi uchun quvvatlovchi uskuna ichida bojxona nazoratidan yashirilgan hamda jismoniy shaxslar uchun belgilangan bojxona to‘lovlarisiz olib kirish me'yoridan ortiq bo‘lgan 144,3 million so‘mlik 481 gramm tilladan yasalgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

Holat yuzasidan bojxona surishtiruvi davom etmoqda.

11,5 mlrd so‘mlik «mato» operatsiyasi fosh etildi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi va «Ark-buloq» TIF bojxona posti xodimlari xorijiy mamlakatdan olib kelingan trikotaj matolarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazdi.

Bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida bojxona ekspertizasi ham tayinlandi.

Ekspertiza xulosasiga asosan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasida «trikotaj mato» deb ko‘rsatilgan tovarlar aslida «sun'iy toladan bosilgan mato hamda sun'iy iplardan bosilgan mato» tovarlari ekani ma'lum bo‘ldi.

Qiymati 11 mlrd 487 mln so‘mni tashkil etgan mazkur «sun'iy tola hamda sun'iy iplardan bosilgan mato» tovarlari vaqtincha saqlovga olindi.

Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, ushbu tovarlar uchun 622,5 mln so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

1,6 milliard so‘mlik nayrang ish bermadi

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari navbatdagi yirik qonunbuzilish holatini fosh etdi.

Andijon shahrida faoliyat yuritayotgan xususiy korxona nomiga umumiy qiymati 2590 AQSh dollari bo‘lgan, og‘irligi 25 900 kilogrammni tashkil etuvchi tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun xomashyo tovarlari olib kelinadi. Biroq, taqdim etilgan hujjatlardan shubhalangan bojxona xodimlari mazkur tovarlarni belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazadi.

Shubhalar o‘zini oqladi va hujjatlarda qayd etilmagan, qiymati

1 mlrd 616 mln so‘mdan ziyod miqdordagi to‘qimachilik matolari bo‘yicha davlat budjetiga undirilishi lozim bo‘lgan 500 mln so‘mdan ziyod bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlashga bo‘lgan urinish fosh etildi.

Agar mazkur qonunbuzarning bojxona xodimlariga taqdim qilgan dastlabki hujjatlarida aks etgan ma'lumotlari, ya'ni tovar miqdori hamda TIF TN kodi asosida bojxona to‘lovlari hisoblanganda, 50 mln so‘mdan ziyod bojxona to‘lovlari undirilar edi, xolos.

Holat bo‘yicha ashyoviy dalil sifatida olingan 1 mlrd 616 mln so‘mlik tovarlar bojxona to‘lovlarini to‘liq undirilishini ta'minlash maqsadida vaqtincha saqlovga olindi. Bojxona surishtiruvi davom etmoqda.

94 million so‘mlik tovarlarni noqonuniy tarzda olib kirishga bo‘lgan urinish fosh bo‘ldi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi «Olot» chegara bojxona postiga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan fuqaro Q.S. boshqaruvidagi «DAF» rusumli yuk avtomashinasi «Xavfni boshqarish tizimi»da «qizil» yo‘lakka tushgani sababli belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Bojxona ko‘rigi davomida avtomashinada yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan hamda ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan umumiy qiymati salkam 94 million so‘mlik turli tovar-moddiy boyliklari borligi aniqlandi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top