19:21 / 16.12.2020
13060

Is gazidan o‘limlar sabab prezident bosh vazirga FVV faoliyati bo‘yicha topshiriq berdi

16 dekabr kuni ham Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida 3 kishi is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgan. Bu haqda prezident raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda ma'lum qilindi.

«Joylarda is gazi va chaqnashlar bilan bog‘liq noxush holatlar ortib borayotgani har bir rahbarni o‘ylantirishi kerak.

Joriy yilning o‘tgan davrida 56ta is gazidan zaharlanish va 106ta chaqnash holatlari ro‘y berib, buning oqibatida 106 fuqaro vafot etgan, 190 nafari zaharlangan va kuyish tan jarohatini olgan.

Bugun ham Yangiyo‘l tumanida is gazidan 3 nafar fuqaro olamdan o‘tgan.

Bosh vazir Abdulla Aripov Favqulodda vaziyatlar vazirligining Yong‘inga qarshi kurashish boshqarmasi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uni tubdan isloh qilish va yangi tizim yaratish yuzasidan taklif berishi kerak», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, bugundan boshlab ijtimoiy soha obektlari, ayniqsa, mehribonlik va muruvvat uylari, maktab, maktabgacha ta'lim va tibbiyot muassasalarida yong‘inga qarshi profilaktika ishlarini o‘tkazish, ularning tayyorgarlik jarayonlarini yanada kuchaytirish choralarini ko‘rish lozimligi ta'kidlandi.

Bosh vazir o‘rinbosariga mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar etib, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta'minlash, qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha vazifalar qo‘yilgan.

Mavzuga oid
Top