09:32 / 16.12.2020
5050

Janubiy Koreya barcha avtobuslarida bepul internet taqdim qilingan birinchi mamlakatga aylandi

Foto: Flickr

Janubiy Koreya barcha avtobuslarida bepul Wi-Fi internet taqdim qilingan dunyodagi birinchi davlatga aylandi

Tegishli dasturning amalga oshirilishi yakunlanishiga bag‘ishlangan kichik tantanali marosim Seul markazida yo‘lovchi avtobuslaridan birida bo‘lib o‘tdi. Avtobusda Janubiy Koreyaning fan, texnologiyalar va telekommunikatsiyalar vaziri Chxve Gi Yon va hukmron “Toburo” demokratik partiyasidan ikki deputat bo‘lgan.

Ma'lum qilinishicha, mamlakatdagi barcha shahar avtobuslarini bepul internet bilan jihozlash dasturi 2018 yilda boshlangan va 2020 yil 14 dekabrda to‘liq yakunlandi. Endilikda mamlakatning barcha avtobuslarida yo‘lovchilar bepul internetdan foydalana oladilar. Ta'kidlanishicha, Janubiy Koreya barcha yo‘nalishli avtobuslarda ushbu xizmat yo‘lga qo‘yilgan dunyodagi birinchi davlatga aylandi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyada 35 ming 6ta yo‘nalishli avtobus harakatlanadi. 29 mingdan ko‘proq avtobusni bepul internet taqdim qilish uchun qurilmalar bilan jihozlashni markaziy hukumat, 5 ming 906tasini ta'minlashni esa mahalliy hokimiyat idoralari o‘z zimmasiga olgan.  

Dasturning dastlabki natijalari ham ma'lum qilindi: o‘rtacha har oy har bir avtobusda 1228 kishi bepul internetdan foydalangan, axborot almashish hajmi esa bir avtobusga oyiga 55,3 Gb.ni tashkil qilgan.

Janubiy Koreya fan vazirligi vakilining ta'kidlashicha, keyingi 3 yil ichida avtobuslarda bepul internetdan foydalanishdan olinadigan iqtisodiy samara 220 mlrd vonni (200 mln dollar) tashkil qilishi kerak.

Top