20:05 / 16.12.2020
23495

Prezident videoselektorida energetika sohasidagi o‘g‘riliklar haqida ma'lumot berildi

Davlat rahbari bugungi videoselektor mavzulari bo‘lgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va oziq-ovqat xavfsizligi masalasi nihoyatda muhimligini yana bir bor ta'kidladi.

«Ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha kundalik nazorat o‘rnatganimiz hisobiga aholi va ijtimoiy sohaga mahalliy ko‘mir yetkazib berish tizimli yo‘lga qo‘yildi.

Biroq, aholiga yetkazib berilgan mahalliy ko‘mirning 60 ming tonnasi hali egalariga yetkazib berilmasdan, omborlarda turibdi.

Ko‘mirning sifati bo‘yicha ham ba'zi viloyatlarda hali ham e'tirozlar bor», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda elektr energiyasi, tabiiy gaz va ko‘mir ta'minotida noqonuniy xatti-harakatlarga ham yo‘l qo‘yilayotgani qayd etib o‘tildi.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani elektr ta'minoti korxonasi bosh muhandisi o‘z xodimlari bilan 500 dollardan 2 ming dollargacha pora olib, hech qanday rasmiy hujjatlarsiz iste'molchilarni elektr tarmog‘iga ulab kelgani ma'lum bo‘lgan.

Joriy yil dekabr oyida huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida respublika bo‘yicha 1 ming 525ta holatda 59 milliard so‘m qiymatdagi energoresurslar talon-toroj qilingani aniqlangan.

Samarqand viloyati hokimligi vakillarining beparvoligi oqibatida aholiga mo‘ljallagan 80 tonna suyultirilgan gaz o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Muborakda g‘isht ishlab chiqarish zavodi yer ostidan o‘tgan gaz quvuriga noqonuniy ulanishi oqibatida 4,3 million kub metr gazni talon-toroj qilgan. Bu – qariyb 8 ming xonadonning bir oylik gaz ta'minotidir.

Toshkent shahridagi «Toshissiqquvvati» korxonasiga qarashli «Sanoat energiya» qozonxonasi hududida tashkil etilgan ohak ishlab chiqarish sexi gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib, 571 ming kub metr gaz sarflagan.

Shu bilan birga, joriy yilda 74ta tumandagi aholi punktlarida yirik gaz tarmoqlariga zamonaviy o‘lchagichlar o‘rnatish natijasida 2 mingdan ziyod ulgurji iste'molchilar tomonidan 7 million kub metr tabiiy gaz noqonuniy o‘zlashtirilgani aniqlangan.

«Mana nima uchun o‘lchagichlarga zarurat bor? Agar biz shu masalani 25 yil avval qilganimizda edi, bugun bunday holatga tushmasdik», degan prezident.

Bosh prokuratura va soliq idoralari ko‘mir oldi-sotdisi bilan bog‘liq 110ta noqonuniy holatni aniqlangan.

Namanganda – 54ta (362 tonna), Andijonda – 33ta (145 tonna), Farg‘onada − 9ta (88 tonna), Navoiyda – 7ta (21 tonna), Qoraqalpog‘istonda – 3ta (12 tonna) holat aniqlangan.

Prezident Bosh prokuraturaga ushbu masalani kundalik nazoratga olib, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Bu yil qishni qanday o‘tkazamiz? Bugun hamma rahbarlar shu savolga javob berishi kerak. Haqiqatan ham, muammolar juda ko‘p. Ularni faqat mahallabay kesimda chuqur o‘rganish va hal qilishgina natija beradi», deya ta'kidlagan prezident.

Issiqlik ta'minotidagi 153ta qozonxonani va 2 ming 802 kilometr tarmoqlarni ta'mirlash, 1 ming 784ta ko‘p qavatli uyni issiqlik ta'minoti bilan qamrab olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Eng ko‘p ta'mirtalab issiqlik tarmoqlari Toshkent shahri (1,9 ming kilometr), Buxoro (130 kilometr), Farg‘ona (98 kilometr), Namangan va Xorazmga (50 kilometrdan) to‘g‘ri keladi.

Top