09:46 / 16.12.2020
3534

Yevroittifoq Telegram va «VKontakte»ni «qaroqchilikni kuzatish bo‘yicha ro‘yxat»ga kiritdi

Telegram va «VKontakte» noqonuniy kontentga qarshi kurashayotgani haqida xabar bergan bo‘lsa-da, mualliflik huquqi egalaridan ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda, deya ma'lum qildi Yevrokomissiya. Shu munosabat bilan u har ikki resursni «qaroqchilikni kuzatish bo‘yicha ro‘yxat»ga kiritdi.

Foto: Vladislav Shatilo / RBK

Yevrokomissiya qaroqchilikni targ‘ib qiluvchi va undan foyda ko‘rishi mumkin bo‘lgan resurslarning yangi ro‘yxatini e'lon qildi. Ro‘yxatga birinchi marta Telegram messenjeri va «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i kiritildi.

Ro‘yxat mualliflik huquqi egalari guruhlarining hisobotlari asosida tuzilgan. Ularning xabar berishicha, Telegram foydalanuvchilari turli kanallardan foydalangan holda «noqonuniy kontent, xususan, musiqa, kitoblar, yangiliklar, filmlar va teledasturlar bilan almashmoqda». Bundan tashqari, obunachilar, Yevrokomissiyaga ko‘ra, o‘g‘irlab olingan kontent joylashtiradigan boshqa saytlarga havolalarni ham ko‘rsatadi.

«VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i ham mualliflik huquqi egalarining ko‘plab shikoyatlari tufayli ro‘yxatga kiritildi, deyiladi hujjatda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari kitoblar, maxsus o‘rnatilgan videopleyerlar orqali filmlar va teledasturlarni ruxsatsiz ko‘rishi mumkin.

«Qidiruv funksiyasi foydalanuvchilarga mualliflik huquqini buzadigan kontentni osonlik bilan topishga imkon beradi», — deyiladi hujjatda. 

Telegram ham, «VKontakte»ham «qaroqchilikni kuzatish bo‘yicha ro‘yxat»ga kiritilishiga qarshi chiqdi. Telegram’ning Yevrokomissiyaga xabar berishicha, «o‘z platformasida bunday kontentga yo‘l qo‘ymaydi» va uni 24 soat ichida o‘chirib tashlaydi. «VKontakte» ham «qaroqchilikka qarshi kurashayotgani»ni ta'kidladi. Xususan, ijtimoiy tarmoqda mualliflik huquqi egasi mualliflik huquqi buzilganligi to‘g‘risida elektron shakl orqali shikoyat qilishi mumkinligi ko‘rsatilgan. «VKontakte» ma'lumotiga ko‘ra, uning xodimlari 1,36 milliondan ortiq bunday shikoyatlarni ko‘rib chiqdi va aksariyat holatlarda kontent o‘chirib tashlandi.

«Biz «VKontakte» ushbu ro‘yxatga kiritilganidan hayratda qoldik, chunki ko‘p yillar davomida mualliflik huquqi egalari bilan turli sohalarda faol aloqada bo‘lib kelmoqdamiz», — deya ijtimoiy tarmoq matbuot xizmatining so‘zlarini keltirgan «RIA Novosti».

Xususan, «VKontakte» videokontent mualliflari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik o‘rnatgan, deya qo‘shimcha qilingan ma'lumotda. «Biz mualliflik huquqini raqamli texnologiyalar bilan himoya qilamiz va axborotni nusxalash hamda tarqatish sohasida zamonaviy texnologik yutuqlar paydo bo‘lishi bilan uni doimiy ravishda o‘zlashtirib boramiz. Shuningdek, biz eng yirik kinokompaniyalar va telekanallar bilan bevosita hamkorlik qilamiz», — deya xabar berdi kompaniya. Qo‘shimcha qilinishicha, «agar huquqlarning mavjudligi isbotlansa, ziddiyatli kontentga kirish zudlik bilan cheklab qo‘yiladi».

Iyul oyida Group-IB kompaniyasi o‘g‘rilab olingan kontentni ko‘rsatuvchi onlayn kinoteatrlar qanday resurslar hisobiga rivojlanayotganini aniqladi. Asosiy reklama beruvchilar noqonuniy kazinolar va bukmekerlar bo‘lib chiqdi, infratuzilma esa qonuniy kompaniyalar tomonidan taqdim etilgan. Group-IB ma'lumotlariga ko‘ra, bunday resurslar bukmekerlik idorasidan u orqali jalb qilingan o‘yinchi yutqazgan pul miqdorining o‘rtacha 20-40 foizini oladi. 

Top