09:03 / 18.12.2020
2801

AQShda farmkompaniyalar vaksinaning ikkilamchi ta'sirlari uchun javobgarlikdan ozod qilindi

AQSh hukumati koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqqan kompaniyalarga, jumladan Pfizer va Moderna’ga ularning vaksinalarini sinagan ko‘ngillilarda jiddiy ikkilamchi ta'sirlar paydo bo‘lsa, javobgarlikdan immunitet berdi. Bu haqda ekspertlarga tayanib CNBC telekanali xabar berdi.       

Ta'kidlanishicha, amerikaliklar bunday holatlarda AQShning Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari sifatini sanitar nazorat qilish boshqarmasiga hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ulardan emlanishni talab qilgan ish beruvchilar ustidan sudga shikoyat qilisha olmaydi. 

AQSh kongressi emlash oqibatida sog‘liqqa yetkazilgan zarar bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun maxsus jamg‘arma tashkil etgan bo‘lsa-da, undagi pullardan foydalanish juda qiyin.

“Hukumat odamlar vaksina ishlab chiqayotgan kompaniyalar ustidan sudga shikoyat qilishlarini istamaydi, chunki bunday holatda ushbu kompaniyalar o‘z vaksinasi uchun hukumatdan ko‘proq pul so‘rashi mumkin”, deb izoh bergan mehnat va bandlik bo‘yicha advokat Rogge Dann.

Fevralda AQShning sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vaziri Aleks Azar 2005 yilgi qonunga ishora qilib, vazirlik muhim tibbiy tovarlar, jumladan vaksina va dorilar ishlab chiqaruvchi yoki tarqatuvchi kompaniyalarning huquqiy himoyasini ta'minlashi kerakligini aytgan. Bu esa keyingi 4 yil davomida farmkompaniyalar emlash bilan bog‘liq yetkazilgan zarar uchun sud javobgarligiga tortila olmasliklarini anglatadi.  

Pfizer va Moderna kompaniyalari hamda sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu masalaga izoh bermagan. 

Avvalroq Pfizer vaksinasi amerikalik shifokorda allergiya qo‘zg‘atgani ma'lum qilingandi. Shundan keyin vaksinani olgan yana bir shifokorda allergik ta'sir kuzatilgan.  

Ularda o‘tgan hafta Britaniyada emlangan tibbiy xodimlardagi kabi reaksiya kuzatilgan. Shundan keyin allergiyaga moyil bo‘lganlarga Pfizer vaksinasi bilan emlanmaslik tavsiya qilingan.

Mavzuga oid
Top