19:53 / 18.12.2020
55746

Yunusoboddagi fojiaga bir yil to‘ldi. 6 yigitning umriga zomin bo‘lgan halokat aybdorlari kim edi?

Bundan roppa-rosa bir yil avval, 2019 yilning 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi ro‘y berib, ishchilarni tuproq bosib qolgandi. Ushbu fojia oqibatida 6 nafar quruvchi halok bo‘lgan.

Hodisa yuzasidan dastlab o‘sha vaqtdagi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev izoh berib, ko‘chkiga davomiy yomg‘ir sabab bo‘lgani, yomg‘ir suvlari kotlovan oldida suv haydash uchun qurilgan lotok va beton to‘siq orasidagi tuproqni yumshatib yuborgani va yer o‘pirilib tunnelni bosib qolganini ma'lum qilgandi.

Shundan so‘ng, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ham hodisa yuzasidan ma'lumot berib, avariya oqibatida 250 kub metr tuproq o‘pirilib tushganini bildiradi.

O‘sha kunlarda davlat tashrifi bilan Yaponiyada bo‘lib turgan prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan avariya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuziladi. Komissiyaga bosh vazir o‘rinbosari, transport vaziri Ochilboy Ramatov rais etib tayinlanadi. Komissiyaga sodir bo‘lgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida o‘rganish, hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a'zolariga yordam ko‘rsatish hamda boshqa bir qator vazifalar yuklanadi.

18 dekabr kuni yarim tungacha davom etgan qidiruv ishlari davomida 5 ishchining jasadi tuproq ostidan chiqarib olindi, 19 dekabr kunining birinchi yarmida yana bir jasad olib chiqildi va hodisa qurbonlari soni 6 nafarni tashkil etdi. Qurbonlarning to‘rt nafari Qashqadaryo viloyatidan (Davronbek Abdullayev, Oybek Abdullayev, Jonibek Ravshanov, Anvar Diyorov), ikki nafari esa Samarqand viloyatidan (Zarif Karimov, Ixtiyor Rahmatov) bo‘lgan.

Qurilish ishlariga mas'ul bo‘lgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirib, bu oilalarga 100 million so‘mdan tovon puli ajratilib, to‘lab berilganini ma'lum qildi. Bundan tashqari, marhumlarning dafn marosimlarini o‘tkazishda ularning oila a'zolariga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish haqida topshiriq berilgani aytiladi.

Kun.uz ijodiy jamoasi ham Qashqadaryo va Samarqandda yashagan marhumlarning xonadonlarida bo‘lib, yigitlarning yaqinlari, onalari bilan suhbatlashgandi.

Bu voqea butun jamoatchilikni qattiq larzaga solgan va bir qancha vaqt ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va blogerlarning sahifalarida motamsaro kayfiyat hukm surgan edi. Barcha bir ovozdan aybdorlar jazolanishini talab qilgan, metroning o‘sha bekatiga «Quruvchilar» nomini berish taklif qilingandi.

2020 yil avgustida «Yunusobod» metro bekati foydalanishga topshirildi. Lekin jamoatchilik takliflariga qaramay hodisa joyida fojia qurbonlari xotirasini abadiylashtirish uchun hech narsa qilinmagan.

Ushbu hodisa yuzasidan 2019 yil 19 dekabr kuni Toshkent shahri prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi va 258-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Lekin shu vaqtgacha na javobgarlikka tortilganlar va na jazolanganlar haqida ma'lumot berildi.

Vaholanki, Jinoyat protsessual kodeksi talabiga ko‘ra dastlabki tergov muddati (351-modda) uch oyni tashkil etadi. Tergov muddati faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan yetti oygacha uzaytirilishi mumkin. Bundan tushunish mumkinki, Yunusobod fojiasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yakuniga yetkazilgan, ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingan. Ammo, negadir hozircha bu jamoatchilikdan yashirib kelinmoqda...

Kun.uz bu holat yuzasidan Bosh prokuraturadan izoh kutib qoladi.

Mavzu
Yunusoboddagi fojia
18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi ro‘y berib, 6 nafar ishchini tuproq bosib qoldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top