21:34 / 19.12.2020
49884

«UzAuto Motors» ishi yakunlandi: sud qaroriga asos bo‘lgan hujjatlaridan biri kompaniya vakillari tomonidan inkor etilgandi

18 dekabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudi apellyatsiya bosqichi sudlov hay'ati Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining «UzAuto Motors» ishi bo‘yicha shikoyatini ko‘rib chiqishni yakunladi.

Toshkent shahar ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasi sudlov hay'ati arizachi «UzAuto Motors» AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan yuritilgan ma'muriy ish yuzasidan qabul qilingan Toshkent shahar ma'muriy sudining joriy yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qarori va xususiy ajrimiga nisbatan qo‘mitaning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi. Mazkur ish yuzasidan sudning qarori 2020 yil 18 dekabrda e'lon qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Sud qaroriga ko‘ra, Toshkent shahar ma'muriy sudining joriy yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qarori va xususiy ajrimi o‘zgarishsiz, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

18 dekabr kuni sud majlisi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining apellyatsiya shikoyatiga qo‘shimcha kiritish bilan boshlandi.

Apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish davomida «UzAuto Motors» tomonidan turli vajlar keltirildi. Masalan, jamiyatning narx siyosati 2018 yilgacha davlat tomonidan tartibga solingani, ammo shundan keyin jamiyat kuzatuv kengashi bu masalada mutlaq vakolatli ekani ta'kidlandi.

«UzAuto Motors»ning qo‘mita maxsus komissiyasi qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi arizasida, shuningdek, shu masala yuzasidan o‘tgan sud majlislari davomida jamiyat vakillari tomonidan bildirilgan tushuntirishlarda shikoyat asoslaridan biri sifatida «monopol yuqori narx qo‘llangani» o‘z isbotini topmagani aytilgan. Bular aytmoqchiki, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi kompaniyaga nisbatan tekshiruvda monopol yuqori narx qo‘llanganini aniqlamagan, vajlar asossiz. O‘z navbatida qo‘mita vakillari «monopol yuqori narx qo‘llangani»ni asoslantiruvchi vajlarni keltirdi. Biroq, sudning hal qiluv qarorda ushbu vajlar inobatga olingan yo rad etilgani bildirilmagan», — deydi qo‘mita vakili Sardor Otamurodov.

Sardor Otamurodov

Sudya qo‘mita vakillaridan «UzAuto Motors» tabiiy monopoliya sub'yektiga mansubligini aniqlashtirishni so‘radi. Sardor Otamurodovning aytishicha, kompaniya tabiiy monopoliya sub'yekti emas, balki ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi sub'yekt hisoblanadi.

Tabiiy monopoliya sub'yekti — tabiiy monopoliya sharoitida tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish (realizatsiya qilish) bilan mashg‘ul xo‘jalik yurituvchi sub'yekt. Ular alohida reyestrga kiritilgan bo‘lib, «UzAuto Motors» ishlab chiqargan tovar ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar ro‘yxatiga kiritilmagan.

«Shunga qaramay, ular ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub'yekt bo‘lgani tufayli, kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga narx shakllantirilishi davlat tomonidan nazorat qilinadi. Narx to‘g‘ri yo noto‘g‘ri shakllantirilishi oqibatida, «monopol yuqori narx» belgilanganini Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ko‘rib chiqadi», — deydi Otamurodov.

 «UzAuto Motors» vakillari

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 10 moddasi («Ustun mavqeni suiiste'mol qilish»), hukumatning 249-sonli qarori va 54-sonli qaroriga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub'yekt tomonidan narx shakllantirishini nazorat qilish vakolatiga ega ekani bildirildi.

Sudlov hay'ati hukumatning 239-sonli qarori talablari yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakilining munosabatini so‘radi. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, narxlarni davlat tomonidan tartibga solish narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli va strategik tovarlar, narxlari deklaratsiya qilinadigan tovar ishlab chiqaruvchilar, tabiiy monopoliyalar sub'yektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va sotiladigan tovarlar, narxlarni tartibga solish organi bilan kelishish yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq alohida tovarlarga tatbiq etilishi  bayon etilgan.           

Qo‘mita vakilining aytishicha, kompaniyaning tovarlariga narx davlat tomonidan belgilanmaydi. Bu narxlar deklaratsiya qilinmasligi, dislokatsiyasi davlat tomonidan tasdiqlanmasligini anglatadi. Shunga qaramay, narxni shakllantirish davlat tomonidan nazorat qilinishi bekor qilinmagan.

Kompaniya vakili esa narx bozor qoidalariga muvofiq belgilanishini ta'kidladi. Bu masalada kompaniyaning Kuzatuv kengashi vakolatli organ bo‘lib, narx kengash tomonidan tasdiqlanishi aytildi. Sudda kompaniya manfaatidan ishtirok etgan kompaniya vakiliga ko‘ra, narxni shakllantirish va belgilashda prezident yo hukumatning alohida qarori mavjud emas.

Shunga qaramay, sudlov hay'ati apellyatsiya qarorini qabul qilishda, birinchi navbatda, «UzAuto Motors» faoliyatida avtomobillar uchun narxni belgilash siyosati davlat rahbari va hukumatning alohida qarorlari, shu jumladan maxfiy hujjatlar bilan tartibga solinishini bildirdi.

«Bunday normativ-huquqiy hujjatlar aslida bor. Ular sud muhokamasiga qo‘yilmagani sababi ularning maxfiy ekanligi bilan bog‘liq. Sudlov hay'atining o‘zi tegishli ruxsatnomaga ega ekanligi tufayli, ushbu hujjatlar bilan tanishib chiqib, shunday xulosaga kelgan. Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan asos qilib olingan hukumatning 239-sonli qarori, 249- va 54-sonli qarorlari, tegishli tekshirishlarni o‘tkazish bo‘yicha nizom talablari asosida jamiyatga nisbatan taftish o‘tkazish tamoyillari hukumat va davlat rahbari qarorlari tartiblariga muvofiq kelmagan. Hujjatlar taqqoslanganda, qo‘mitaning jamiyat faoliyati yuzasidan tekshirish o‘tkazish vakolatiga ega yoki ega emasligiga huquqiy baho berildi», — dedi sudya.

Sudyaning aytishicha, birinchi instansiya sudi tomonidan yo‘l qo‘yilgan protsessual xato va kamchiliklar qo‘pol xatolar bo‘lmagan.

«Ular aslida texnik xatolar bo‘lib, sudning chiqargan qaroriga mazmunan ta'sir qilmaydi», — deya qo‘shimcha qildi sudya.

Ma'lumot uchun, 11 dekabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudi binosida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Toshkent shahar ma'muriy sudining 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga va unga asosan chiqarilgan xususiy ajrimiga nisbatan kiritgan shikoyatini apellyatsiya instansiyasida ko‘rish boshlangandi.

Mavzuga oid
Top