15:56 / 21.12.2020
10932

«Konstitutsiyani hurmat qilaylik!» - huquqshunos sud tizimidagi islohotlar haqida

O‘zbekistonda jamoatchilik muhokamasini o‘tkazmay turib, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilishi amalga oshmadi. Deputatlar allaqachon qabul qilib bo‘lgan «sirli» qonun Senat yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan edi. Ma'lum bo‘lishicha, tanqidlardan so‘ng – yalpi majlisga bir kun qolganda, bu masala majlis kun tartibidan o‘chirilgan.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritilishi shoshma-shosharlik bilan bo‘layotganiga e'tibor qaratdi.

«Xullas, 2020 yil 24 iyuldagi 6034-sonli prezident farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish haqida aytilgan edi. Ammo bunaqa o‘zgarish bo‘lishi uchun eng avval Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritilishi kerak. Ana undan keyin esa «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunga. Ammo yaqinda Senat raisi ta'kidlaganidek, hali Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish masalasi umuman ko‘rib chiqilayotgani yo‘q (ammo Qonunchilik palatasi bu masalani allaqachon «sirli ravishda» ko‘rib bo‘lgan).

Agar yil yakunida Senatning boshqa yalpi majlisi bo‘lmasa, unda 1 yanvardan har qanaqasiga ham umumyurisdiksiya sudlari ish boshlamaydi. Chunki yangi sudlar tashkil qilish, sud tizimini institutsional isloh qilish faqat Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish bilangina amalga tatbiq qilinishi mumkin. Boshqacha variant yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas!

Endi eng qizig‘ini aytsam. Amaliyotda allaqachon umumyurisdiksiya sudlari uchun sudyalar lavozimga tayinlanmoqda. Masalan, yaqinda Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudi raisi lavozimga tayinlangani xabar qilindi. Tasavvur qilyapsizmi, hali yo‘q sudga, yo‘q lavozimga allaqachon rahbar tayinlanib bo‘lindi. Iya, bu qanaqasi? Balki Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritilmas, balki deputatlar va senatorlar bu o‘zgarishlarni yoqlamas, deb savol berishingiz mumkin, albatta. Ha, endi bu faqat nazariy aytilayotgan gaplar xolos. Men bu savollarga javob bera olmayman va javobini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz.

Xo‘p, tushundik, baribir o‘sha o‘zgarish bo‘ladi, baribir farmonda aytilgan umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi, buni deputat yoki senatorlar qo‘llab-quvvatlashi aniq, yaxshi. Lekin shu o‘zgarishni Konstitutsiyaning hurmatini joyiga qo‘yib, keyin qilsa bo‘lmaydimi?

Bu xuddi hali otasi tirik bo‘lsa ham, lekin allaqachon janozasiga taklifnoma chiqarib qo‘ygan farzandlarga o‘xshaydi. Hali Konstitutsiya o‘zgarmadi-ku, sal kutib tursak-chi hurmatini qilib?» – deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Eslatib o‘tamiz, Senat kengashi 11 dekabrdagi qarori bilan, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasini palataning 18 dekabrdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritgan edi.

Bu qanday o‘zgarish ekani jamoatchilikka ma'lum qilinmadi. Qonunni deputatlar qachon qabul qilib ulgurgani haqida ham savollar paydo bo‘ldi.

Senat raisi va uning o‘rinbosarlari palataning 18 dekabr kungi yalpi majlisida / Foto: Senat axborot xizmati

18 dekabr kuni Senat yalpi majlisida rais Tanzila Norboyeva Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish haqidagi qonun bu majlisda ko‘rilmasligini, bu masalada xalq bilan bamaslahat ish qilinishini aytdi.

Ma'lum bo‘lishicha, yalpi majlisdan bir kun oldin Senat kengashining qarori chiqarilgan bo‘lib, unga binoan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun yalpi majlis kun tartibidan olingan.

  • 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga shu paytgacha 14 marta o‘zgartish kiritilgan.
  • Konstitutsiyaning eng so‘nggi 128-moddasi talabiga ko‘ra, Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritishda keng va har taraflama muhokama o‘tkazilishi, Oliy Majlis ushbu muhokamani inobatga olishi lozim.
Mavzuga oid
Top