18:53 / 21.12.2020
23438

Sunnatilla Bekenov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarligidan ketdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Sunnatilla Bekenov lavozimdan ozod etilib, agentlikka yangi rahbar tayinlandi.

Kun.uz'ning agentlikdagi manbasi xabar qilishicha, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Akmalxon Ortiqov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori etib tayinlangan.

Akmalxon Ortiqov / Xalqaro press-klub

Akmalxon Ortiqov 1980 yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

2001–2013-yillarda O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligi tizimida, 2013–2015-yillarda Namangan viloyat hokimligi moliya boshqarmasi, 2015—2017 yillarda Farg‘ona viloyati hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i, 2017 yilda Namangan viloyati hokimining iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2017–2018-yillarda Iqtisodiyot vazirining demografiya, ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini turmush darajasini oshirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2018–2019-yilgacha Farg‘ona viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2019–2020-yillarda Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyatining mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.

Akmalxon Ortiqov 2020 yilning martidan buyon Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bundan avvalroq Markaziy raisi o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayev Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi. 

Ma’lumot uchun, turli yillarda Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda, prezident maslahatchisi o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri, iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri o‘rinbosari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan Sunnatilla Bekenov 2019 yil sentabrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori etib tayinlangandi.

Sunnatilla Bekenov
Mavzuga oid
Top