18:10 / 21.12.2020
172414

Xonanda Jasur Umirov qamoqqa olindi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida litsey o‘quvchisining nomusiga tekkani gumon qilinayotgan estrada xonandasi J.U. (Kun.uz'dagi ma'lumotga ko‘ra, Jasur Umirov) ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Kun.uz yoritgan voqelik yuzasidan jinoyat ishi oktabr oyida qo‘zg‘atilgan edi.

Samarqand viloyati prokuraturasi axborotiga ko‘ra, xonandaga nisbatan 21 dekabr kuni sud ajrimiga asosan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jasur Umirovga Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi «a» bandi (shaxsning 18 yoshga to‘lmaganini bila turib nomusga tegish) bilan ayblov e'lon qilingan.

Ayblov sudda isbotlansa, sudlanuvchi 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Dastlabki tergovni viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi olib bormoqda. Tergovni viloyatning yangi prokurori alohida nazoratga olgan.

«Voyaga yetmagan Sh.M. advokati M.Rustamova bilan birgalikda viloyat prokuraturasiga murojaat etgan.

Murojaat Samarqand viloyat prokurori R.Masharipov tomonidan o‘rganilib, ariza muallifi advokati M.Rustamova ishtirokida o‘zi rahbarligida viloyat prokuraturasi va IIB mas'ullari ishtirokida 2020 yil 18 dekabr kuni qabul qilinib, jinoyat ishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani va tez kunlarda qonuniy qaror qabul qilishi ta'kidlandi.

Jinoyat ishi tergovi viloyat prokurori R.Masharipov tomonidan alohida nazoratga olindi», – deyiladi Samarqand viloyati prokuraturasi axborotida.

Ravshan Masharipov noyabr oyida Samarqand viloyati prokurori etib tayinlangan edi.
Foto: Samarqand viloyati prokuraturasi

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz Samarqandda litseyning birinchi kursini endigina tamomlagan samarqandlik qizning nomusiga tegilgan bo‘lishi mumkinligi haqida sentabr oyida jurnalist surishtiruvi e'lon qilgan edi. Bunga qadar Kattaqo‘rg‘on tuman IIB mazkur holatda jinoyat alomatlari bo‘lmagan, deb topib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.

Top