15:10 / 22.12.2020
9484

Abgor ko‘chalar va kelmay qolgan zang suv: qorasuvliklar kelgusida emas, aynan bugun yaxshi sharoitda yashashni istashmoqda

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani «Qorasuv» mahallasidan Kun.uz saytiga mahalla ko‘chalari yaroqsiz holatga kelib qolgani bayon qilingan murojaat kelib tushdi. Sayt ijodiy guruhi vaziyat bilan tanishish, mahallada yashovchilar bilan hamsuhbat bo‘lish uchun Qorasuvda bo‘ldi.

Mahalla fuqarolarining aytishicha, ushbu hudud 1985 yilda asfaltlashtirilgan. O‘tgan 37 yilda yo‘llar ta'mirlanmagani bois abgor holga kelib qolgan. Mahalladagilar 2014 yilda yo‘llarning o‘ydim-chuqur joylari yamab qo‘yilganini aytishmoqda, lekin bu ishlardan mahalla ahlining ko‘ngli to‘lmagan. Chunki serqatnov ko‘cha yog‘ingarchilik mavsumida yana avvalgi abgor holatga kelib qolgan. 

«Ko‘chalarni ta'mirlash maqsadida bir necha bor hokimlik va daxldor tashkilotlarga murojaat qildik, 2019 yil kuzda sektor rahbari kelib, yo‘llarni greyder bilan tekislab ketdi, o‘sha payt shag‘al yotqizilishi kerak edi, lekin ish chala qolib ketdi.

Mahallamizga ichimlik suvi ham kelmagan edi, 2018 yilda mahalladoshlar bilan birgalikda sektor rahbari yordami bilan suv tarmog‘i tortib keldik. Ana o‘sha paytda ham yo‘l chetlari kavlanib, yana yo‘llarimizga shikast yetdi.

30 yil deganda erishgan suvimiz ham iste'molga yaroqsiz ahvolda, zang bo‘lsa ham suv kelardi, avvallari soatlab berilardi, mana 2 oy bo‘ldiki, ichimlik suvi ham kelmay qoldi», — deydi mahallada yashovchi Qoriyaxon Nabiyeva.

Ma'lum bo‘lishicha, hududni tabiiy gaz bilan yetarli miqdorda ta'mirlash maqsadida gaz quvurlari ham qayta tortib kelingan ekan. Dastur bo‘yicha kavlangan joylarni asfaltlab ketishga kelishilgan, biroq bu ishlar ham chala qolib ketgan va kavlangan yo‘llar betartib ko‘milgani sababli yanada yaroqsiz holatga kelib qolgan.

«Xalq zada bo‘lib bo‘ldi amaldorlarning yolg‘onidan. Avval televideniyega murojaat qilganimizda ham muxbirlarning oldida ko‘zbo‘yamachilikka «undoq qilamiz, mundoq qilamiz» deb va'da berib ketishgan edi, lekin mana, hech narsa o‘zgargani yo‘q, biz mutasaddilarning gapiga ishonmay qo‘ydik», — deydi mahalla fuqarolaridan biri.

«Yangiqo‘rg‘on tumani bo‘ylab chaqiruvlarga boramiz. Tumanimizdagi eng yomon ko‘cha mana shu Oxunboboyev-Qorasuv ko‘chasi. 3 daqiqalik masofaga ham yo‘llar o‘ydim-chuqur bo‘lgani uchun 10 daqiqadan oshiq paytda yetib kelamiz, yo‘llar yaxshilansa, bizning ishimiz ham yengillardi», — deydi tez tibbiy yordam xizmati haydovchisi.

Ushbu masala bo‘yicha tuman obodonlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi Umidjon Madrahimovning fikriga quloq tutdik.

Uning aytishicha, tumanda 71ta MFY bor, bu mahalladan ham ahvoli og‘ir ko‘chalar ko‘p, hatto shag‘allashtirilmagan hududlar ham yo‘q emas ekan. 

«2021 yilda mablag‘ga qarab yamash ishlarini amalga oshiramiz. «Qorasuv» mahallasini ta'mirlash ishlari esa halicha dasturga kiritilmagan, 2021 yilda dasturga kiritishga harakat qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Umidjon Madrahimov.

«Qorasuv» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Fotima Ergasheva ham yo‘llarni yaxshilash va ichimlik suvini yaroqli holatga keltirish masalalari bo‘yicha mas'ullarga murojaat qilgan. 

«Mahallamiz ko‘chalari ichki yo‘llar bo‘lganligi sababli xalqning murojaatlari besamar ketdi, o‘zim ham ko‘p bor muammoga yechim izlab sarson bo‘ldim. Mana, endi mahallamiz ham hokimlik balansiga o‘tdi. 2021 yilning yoziga qadar shag‘allashtirish ishlari va yil yakuniga qadar asfalt yotqizish ishlari amalga oshiriladi. Ichimlik suvidagi muammo esa 2021 yilning birinchi choragida hal etiladi», — deydi mahalla boshi.

«Qorasuv» mahallasida yashovchi 3 ming aholi ertaga emas, aynan bugun yaxshi sharoitda yashashni istaydi. Mahalla ahli ham obodonlashtirish ishlariga befarq qarab turmoqchi emas. Ular pul to‘plab berishga ham tayyor.

O‘ylaymizki, mutasaddilar va rahbarlar ushbu masalaga befarq bo‘lmaydilar. Biz esa mavzuga yana qaytamiz.

Yulduz Yuldasheva, Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top