23:35 / 23.12.2020
11478

«Berliner Telegraph»: Shavkat Mirziyoyev – qat'iy islohotchi

Germaniyada chop etiladigan «Berliner Telegraph» jurnalining dekabr oyidagi sonida O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan tahliliy maqola e'lon qilindi. Maqolada O‘zbekiston Yevroosiyoning markazi va Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan davlat sifatida mintaqaviy hamkorlikda yetakchi mavqega ega ekani ta'kidlangan.

«Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholi istiqomat qiladigan davlat rahbari mintaqaviy hamkorlikda yetakchi rolini o‘z zimmasiga olish kerakligini angladi. Qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston bilan mintaqaviy daryolarning quyi qismida joylashgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonga suv yetkazib berish masalasidagi ziddiyatlar hal qilindi. Ikki tomonlama chegaradan o‘tish punktlari ochilib, quruqlik va havo orqali transport aloqalari tiklandi. O‘zbekiston mintaqada umumiy iqtisodiy rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikka intilmoqda», deyiladi xususan maqolada.

Muallif O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, qo‘shni mamlakatni iqtisodiy qayta tiklash borasidagi sa'y-harakatlariga ham e'tibor qaratgan.

«2016 yilgi Prezident saylovidan so‘ng O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan siyosati yangicha ko‘rinish oldi. U yaxlit yondashuvga asoslangani bilan ahamiyatli. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston xavfsizligi O‘zbekiston uchun ham xavfsizlik masalasi ekani, Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni mintaqaviy va global kun tartibida yanada muhim ahamiyat kasb etishini angladi», deyiladi maqolada bu xususda.

Maqolada O‘zbekiston Afg‘onistonga iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatayotgani ham ta'kidlangan. Jumladan, mamlakat qo‘shni davlatni elektr energiyasi bilan ta'minlamoqda, Termiz va Afg‘oniston shimolidagi Mozori Sharif o‘rtasidagi temir yo‘l aloqasini kengaytirishda ishtirok etib, yangi temir yo‘l tarmoqlari qurilishini to‘la qo‘llab-quvvatlayapti.

Nashr O‘zbekiston rahbarining tashabbuslari Germaniyaning Yevropa Ittifoqi Kengashiga raisligi davrida qabul qilingan YeI Markaziy Osiyo strategiyasining maqsad va vazifalariga mos kelishini qayd etgan. Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy islohotlari boshlangandan buyon Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar, shu jumladan Germaniya O‘zbekistonning muhim sheriklari ekani ta'kidlangan.

Shu nuqtayi nazardan, 2019 yil yanvar oyida O‘zbekiston rahbarining GFRga muvaffaqiyatli tashrifi, shuningdek, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning o‘sha yil may oyida O‘zbekistonga javob tashrifi samarali bo‘lgani eslanadi.

«Prezident va hukumatning o‘zbek jamiyati manfaatlari yo‘lidagi istiqbolli islohotlari Germaniya tuzilmalari tomonidan qat'iy qo‘llab-quvvatlanmoqda», deyiladi bu haqda.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan yangi xalqaro tashabbuslarning mazmun-mohiyati va ahamiyati ochib berilgan. Shuningdek, respublikaning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangani alohida qayd etilgan.

«Shavkat Mirziyoyev to‘rt yil avval prezident etib saylanganidan buyon O‘zbekistonning tashqi va mintaqaviy siyosati sezilarli darajada o‘zgardi. Muhim islohotlar boshlandi, mamlakat ochildi va xalqaro tashkilotlar doirasida muntazam ravishda muhim tashabbuslar va siyosiy takliflarni ilgari surmoqda», deb xulosa qiladi Mattias Dornfeld.

Muallif G‘arbda prezident Shavkat Mirziyoyev MDH makonidagi qat'iy islohotchi sifatida qabul qilinadi va ayniqsa iqtisodiy aloqalarni kengaytirish haqida gap ketganda, kutilgan mehmon sifatida e'tirof etiladi, deb ta'kidlagan.

Ma'lumot uchun, «Berliner Telegraph» («Berlin telegrafi») jurnali 2014 yildan buyon nemis va rus tillarida chop etiladi. 30 ming tirajda tarqatiladi.

Mavzuga oid
Top