22:29 / 24.12.2020
20076

Xorazmda o‘nlab obektlarni tendersiz berib yuborgan mansabdorlarning boshqa jinoyatlari bo‘yicha ham tergov boshlandi

Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi mansabdorlariga nisbatan ochilgan jinoyat ishi tergovi davom etmoqda.

Foto: Kun.uz

Bu jinoyat haqida 2020 yil iyul oyida berilgan xabarda, 41ta holatda qurilish obektlari tendersiz berib yuborilgani aytilgandi.

Jinoyat ishining qo‘zg‘atilishiga «Yagona buyurtmachi xizmati» IK mansabdor shaxslari noqonuniy ravishda tanlov o‘tkazib, layoqatsiz quruvchilarga qurilish obektlarini topshirishi yuzasidan to‘plangan hujjatlar asos bo‘lgan.

Kun.uz Xorazm viloyati prokuraturasidan olgan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilda 2,5 mlrd so‘mlik, 2020 yilning 5 oyida 279,8 mln so‘mlik, jami 2,79 mlrd so‘mlik bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilib, davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

«Bu holatlar bo‘yicha 11 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilib, aybdorlardan 2,56 mlrd so‘m miqdordagi zarar undirilishi ta'minlangan.

Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan mansabdor shaxslarning budjet mablag‘larini talon-toroj qilinishiga sharoit yaratib bergani bilan birga, ularning boshqa jinoyatlarini fosh qilish maqsadida tergov guruhi tuzilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», – deyiladi rasmiy axborotda.

Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat va mansab vakolatini suiiste'mol qilish) bilan ochilgan ish bo‘yicha tergovni Xorazm viloyati prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi o‘tkazmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, 24 dekabr kuni Andijon viloyatida davlat obektlarini qurish qarindosh-urug‘lar o‘rtasida taqsimlab olingani xabar qilindi. Ma'lum bo‘lishicha, Andijon viloyati hokimligi qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbari Muhiddin Qodirov va «Qishloq qurilish invest» MChJ IK Andijon viloyat filiali rahbari Ravshanbek Jabborqulov milliardlab davlat buyurtmalarini o‘zlari va qarindoshlariga tegishli kompaniyalar o‘rtasida «taqsimlagan».
Top