14:11 / 25.12.2020
7345

Bir oila yelkasidagi ikki dard: ona va bolaning operatsiyasi uchun yordam zarur

Dard yomon, qo‘sh kelgan dard undan ham yomon. Bir vaqtning o‘zida ikki yaqin insoningizning dard bilan kurashayotganini ko‘rish uchun qanchalar mustahkam irodayu sabr-toqat kerak? Yakkabog‘lik Jumanazarovlar oilasi shunday sinov qarshisida qolishgan.

Tahririyatimizga yordam so‘rab murojaat qilgan Abdumalik Jumanazarov ikki yaqin insonining dardi bilan kuyib yonmoqda: oilaning kenja o‘g‘li Abubakr Berdinazarov tug‘ma nuqson – yuqori tanglay va lab yorig‘i bilan tug‘ilgan. Shu bois bolajon qiynalmoqda, hali 10 oylik bo‘lishga ulgurmay o‘pka shamollashi va tutqanoqni boshdan kechirgan. Bola tuzalib ketishi uchun uch bosqichda operatsiyani boshdan o‘tkazishi kerak.

Jarrohlik amaliyotning dastlabkisi 4 yanvar kuniga belgilangan. Uni o‘tkazish uchun esa mablag‘ zarur.

Bundan tashqari, oilaning bekasi ham dard bilan kurashyapti – uchinchi farzandga homiladorlik chog‘ida har ikki buyrakusti bezlarida adenoma borligi aniqlangan. Adenomalar ta'sirida umurtqa ham zarar ko‘rmoqda, uning uchta pog‘onasi yemirilib, o‘tirganda ham, yurganda ham og‘riq beryapti. Buyrakusti bezining bittasi operatsiya qilingan, ikkinchisini va umurtqa pog‘onasini davolatish uchun oila moliyaviy jihatdan qiynalib qolgan.

“Ayolimning ikkinchi buyragini davolash uchun 800 dollar, umurtqa pog‘onasidagi operatsiya uchun taxminan 1000 dollar mablag‘ kerak bo‘lar ekan.

Ilgari Rossiyada ishlab, oilamni boqardim. Hozir pandemiya tufayli keta olmay turibmiz. Kunlik ishlar bilan tirikchilik qilib turaman. Hozirda oilamizning yagona boquvchisi dadam, haydovchilik bilan ro‘zg‘or tebratyaptilar. Operatsiyaga imkoniyatimiz yo‘qligi uchun savob talabidagi insonlarning yordamidan umid qilamiz”, – deydi Abdumalik Jumanazarov.

Ona – Gulhayo Mahmudovaning ruhi tushkun. O‘zining jismdagi dard bir og‘riq bersa, jigarbandining xastaligi ming og‘riq beryapti.

“Homilam qornimdaligining 5-oylarida tanamda shishlar, qon bosimimning ko‘tarilishi boshlandi. Bolamni 7 oyligida kesarcha kesish yo‘li bilan dunyoga keltirdim. Shundan keyin ham shishlar qaytmadi. Bitta operatsiyani boshdan o‘tkazdim. Endi ikkinchi buyrakni va umurtqani operatsiya qilish kerak. Doim og‘riqlar bor – yura olmayman, o‘tira olmayman... Iltimos, yordam beringlar...”, – deydi u.

Endi atak-chechak qilayotgan bolajon va uning onaizori shifo topishi uchun bu oilaga yordam qo‘lini cho‘zaylik. Alloh qilayotgan xayrli ishlaringizni oxiratga zaxira qilsin, bu dunyoda ham mol-mulkingizni ko‘paytirib bersin!

Oilaning qo‘shimcha ma'lumotlari:

UzCard: 8600 0417 0115 0279 (Abdimalik Jumanazarov nomida)

Humo: 9860 0301 9897 8428 (Abdimalik Jumanazarov nomida)

Sberbank: 5469 3800 8017 2850 (Nurbek Muratbekov nomida)

Visa: 4588 1200 0032 3418 (Abdimalik Jumanazarov nomida)

Telefon: +998 93 9398790

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top