19:34 / 25.12.2020
13594

Zelenskiy agar Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, ayollar ham armiyaga chaqirilishini aytdi

Avvalroq «Qrim-tatar xalqi majlisi» jamoatchilik birlashmasi rahbari Refat Chubarov Rossiya Dneprning suv resurslarini yarim orol ehtiyoji uchun yo‘naltirish maqsadida Qrim tarafdan hujum uyushtirishi mumkinligini aytgan.

Foto: Ukrinform / ZUMA / Wire / TASS

Agarda Rossiya Qrim tarafdan hujum qiladigan bo‘lsa, Ukraina erkaklarni ham, ayollarni ham armiyaga safarbar qiladi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy «Fokus» jurnaliga bergan intervyusida aytdi.

Avvalroq (Rossiyada taqiqlangan) «Qrim-tatar xalqi majlisi» jamoatchilik birlashmasi rahbari Refat Chubarov Rossiya Dneprning suv resurslarini yarim orol ehtiyoji uchun yo‘naltirish maqsadida Qrim tarafdan hujum uyushtirishi mumkinligini aytgandi, deb yozadi «112 Ukraina».

Zelenskiy voqealarning bunday tarzda rivojlanishini dahshatli deb atadi va bu yuz bermasligiga umid bildirdi.

«Aks holda katta urush bo‘ladi. Biz hech qayerga ketmaymiz, hammamiz jang qilamiz, barcha – erkaklar ham, ayollar ham safarbar qilinadi. Bu Ukraina xalqi uchun yomon bo‘ladi. Rossiya buni juda yaxshi tushunadi deb o‘ylayman», — dedi Ukraina prezidenti.

Qrim Rossiya tarkibiga qo‘shilganidan so‘ng Xerson oblasti hukumati yarim orolning suv ta'minotini to‘sib qo‘yuvchi to‘g‘on qurgandi. Mart oyida Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal Qrim mamlakat tarkibiga qaytmagunicha Kiyev suv ta'minotini texnik jihatdan qayta tiklay olmasligini aytgandi.

Top