01:25 / 26.12.2020
9391

Turkiyaga keluvchilar uchun yangi qoidalar joriy etilmoqda

Kiritilgan choralar 2021 yil 1 martgacha amal qiladi.

Foto: Reuters

Turkiya hukumati mamlakatga keluvchilar uchun yangi qoidalar joriy etmoqda: yo‘lovchilar koronavirusga topshirgan testi natijasi manfiy ekanligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani taqdim etishlari shart. Bu haqda Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxrettin Koja o‘zining Twitter sahifasida ma'lum qildi.

«Choralarni kuchaytiryapmiz. 28 dekabrdan boshlab Turkiyaga havo yo‘li orqali va 30 dekabrdan boshlab quruqlik yoki dengiz yo‘li orqali keladigan barcha yo‘lovchilar mamlakatga kirib kelgunigacha 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqt ichida koronavirusga topshirgan testi natijasi manfiy chiqqani to‘g‘risida ma'lumotnomaga ega bo‘lishlari shart», — deb yozdi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiyaga keluvchilar test natijasini samolyotga chiqishdan oldin taqdim etishlari lozim. Aks holda ular mamlakatga kiritilmaydi. Kiritilgan choralar 2021 yil 1 martgacha amal qiladi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Turkiyada koronavirus yuqtirganlar soni 2,1 mln kishiga yetgan, 19,3 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top