22:42 / 27.12.2020
20519

Andijon viloyati prokuraturasi qurilishlardagi manfaatlar to‘qnashuvini tekshirmoqda

Kun.uz jamoatchilik surishtiruvi nishoniga aylangan to‘rt nafar mansabdorning ikki nafari bilan bog‘landi.

Andijonda davlat obektlarini qurish va ta'mirlashda manfaatlar to‘qnashuvi holatlari ro‘y bergani bo‘yicha prokuratura o‘rganish olib bormoqda.

Viloyat prokuraturasi xabariga ko‘ra, o‘rganish ishlariga soha mutaxassislari jalb qilinadi va natijasi bo‘yicha qo‘shimcha xabar beriladi.

Prokuratura kimni va nimani tekshiradi?

Kun.uz shov-shuvli voqelik bo‘yicha hozirgacha ma'lum holatlarni sanab o‘tadi. Eslatib o‘tamiz, Telegram'dagi «Davletovuz» kanali e'lon qilgan surishtiruvlar bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ham o‘rganish olib bormoqda.

Hojiboyev Rustambek Tojiboyevich, Andijon viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i

Hojiboyev hozirgi lavozimiga 2020 yil 30 mart kuni tayinlangan bo‘lsa-da, hozir ham «Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish» MChJning barcha ulushlari unga tegishli.

Ushbu korxona Shahrixon tumanidagi birinchi va ikkinchi sonli tug‘uruq majmualarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 12,8 va 5,6 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan.

Rustambek Hojiboyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ikkala holatda ham barchasi qonun doirasida bo‘lganini bildirdi.

«Men boshqarma boshlig‘i lavozimiga 2020 yilning mart oyida kelganman. Kasbim – quruvchilik. Uzoq yillardan beri «Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish» MChJga egalik qilib, qurilish faoliyati bilan shug‘ullanib kelganman.

Ma'lumotlarda aytilgan 12,8 mlrd so‘m yakuniy qiymatga ega Shahrixon tumani 1-tug‘uruq majmuasining rekonstruksiya loyihasini mansab vakolatimdan foydalanib tenderda yutib olmaganman. Chunki bu qurilish loyihasining tender savdosi 2019 yil 1 martda, ya'ni boshqarma boshlig‘i lavozimiga tayinlanishimdan bir yil avval o‘tkazilgan. U paytda men viloyat qurilish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida emasdim.

2020 yilning 2 oktyabr kuni imzolangan pudrat shartnomasiga binoan, «Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish» MChJ Shahrixon tumani 2-tug‘uruq majmuasini qariyb 5,6 mlrd so‘mga rekonstruksiya qilish bo‘yicha pudrat shartnomasini yutgan. Bu bor haqiqat. Men o‘sha paytda chet elda xizmat safarida edim.

Ta'kidlab o‘tmoqchimanki, men rahbarlik qilayotgan viloyat qurilish boshqarmasining biror xodimi tender komissiyasi a'zoligiga kiritilmagan. «Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish» MChJ uzoq yillardan beri qurilish ishlari bilan shug‘ullanib keladi va mavjud texnika vositalari, malakali quruvchi brigadalariga ega ekani bois tender tanlovida g‘olib chiqqan», – dedi Rustambek Hojiboyev.

Jabborqulov Ravshanbek Habibullayevich, «Qishloqqurilish invest» MChJ IK Andijon viloyat filiali rahbari

U va to‘g‘ridan to‘g‘ri qarindoshi Jabborqulov Xayrullo Habibullayevich «Xonobod Savdo Ravnaqi» MChJga egalik qiladi.

Bu korxona «Qishloq qurilish invest» MChJ IK Andijon viloyat filialidan 3,2 mlrd so‘mlik buyurtma olgan va bajargan.

Bundan tashqari, Andijon viloyati «Yagona buyurtmachi xizmati» IKdan Qo‘rg‘ontepa tumani «Shahrixonson» MFYdagi 2-sonli bog‘chani rekonstruksiya kilish bo‘yicha 4,7 mlrd so‘mlik buyurtmani qo‘lga kiritgan.

Ravshanbek Jabborqulov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda «Xonobod Savdo Ravnaqi» MChJ direktori Alijon Ashurov ekani, o‘zi esa jamiyatning ta'sischilaridan biri ekanini bildirdi.

«Xonobod Savdo Ravnaqi» MChJ 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ko‘p yillardan beri turli hududlarda qurilish ishlarini olib borgan. Men «Qishloq qurilish invest» MChJ IK rahbari etib tayinlanmasimdan ilgari ham faoliyat yuritgan tashkilot o‘z ishini davom ettirib kelmoqda», – dedi u.

R.Jabborqulov tender jarayonlarida affillanganlik holatiga nega e'tibor qaratilmagani va manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinmagani haqidagi savolni ochiq qoldirdi.

Qodirov Muhiddin Abduraimovich, Andijon viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbari

Muhiddin Qodirov – «Milano Biznes Servis» MChJning 100 foiz ulushi egasi.

U qariyb 20 mlrd so‘mlik uchta obektni rekonstruksiya qilishda pudratchi sifatida tanlangan. Ya'ni uchta holatda buyurtmachi ham, pudratchi ham – Muhiddin Qodirov.

Bu obektlar quyidagilar: Jalaquduq tumanidagi «Oyim» poliklinikasi (6 mlrd so‘m), Izboskan tumanidagi 42-maktab (6,9 mlrd so‘m), Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 5-maktab (6,7 mlrd so‘m).

Kun.uz Muhiddin Qodirov va uning o‘rinbosari (u haqda quyida so‘z boradi) bilan bog‘lana olmadi.

Qodirov Baxtiyor Abdumannobovich, Andijon viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbari o‘rinbosari

Uning to‘g‘ridan to‘g‘ri qarindoshi, Qodirov Mansurbek Abdumannobovich – «Andijon ihlos qurilish» MChJning 100 foiz ulushi egasi.

Surishtiruvga ko‘ra, ushbu korxona:

  • Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘laridan amalga oshiriladigan qurilish obektlari manzilli ro‘yxatidagi taxminan 10,8 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalarini bajarishga mas'ul qilib belgilangan;
  • Respublika budjetidan sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshiriladigan manzilli qurilish ro‘yxatidagi 3,2 mlrd so‘mlik obektlarni «yutib olgan»;
  • Paxtaobod tumanida 26,5 mlrd so‘mlik ikkita 32 kvartirali ko‘p qavatli uyni qurish va tegishli inshootlarni ta'mirlash bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan. Tegishli shartnoma 2020 yil 9 noyabrda imzolangan.
Top