08:10 / 27.12.2020
10076

«Onlayn nazorat kassa mashinalari  joriy qilinishining sababi - iste'molchilar huquqlarini himoya qilish» - DSQ

Onlayn nazorat kassa mashinalari joriy qilinishi orqali avvalgi cheklarda faqatgina summa ko‘rsatilgan bo‘lsa, endi yangi tizim orqali mahsulot turi ham belgilanadi. Bu esa iste'molchilar huquqlarini himoya qilishda qulayliklarni yuzaga keltiradi.

AOKA huzurida tashkil etilgan yig‘ilishda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov onlayn nazorat kassa mashinalarini joriy etgandan so‘ng, yaratilajak qulayliklardan biriga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Albatta, muammo bor. Onlayn kassa mashinalari joriy qilinishining asosiy sababi ham shuki, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish. Shu paytgacha amalda bo‘lgan boshqa nazorat kassa cheklarida faqat summa belgilanardi, xolos. Onlayn nazorat kassa chekida esa mahsulot turi ham ko‘rsatilishi nazarda tutilgan. Biz o‘zimiz ham supermarketlarda xaridlarni amalga oshirganimizda cheklarda mahsulot nomlari ham chiqadi. Onlayn nazorat kassalarida ham xuddi shunday chek beriladi. Lekin bugun hamma do‘konlar ham shunday yo‘l tutyapti, deb aytolmaymiz», – deya ma'lum qilgan DSQ raisi o‘rinbosari.

Prezidentning 2017 yil 29 sentyabrdagi «Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, aholi bilan naqd pulda amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini bosqichma-bosqich joriy etish belgilab berilgan edi.

2018 yilning 1 yanvaridan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 500 tadan 1000 tagacha bo‘lgan onlayn nazorat-kassa mashinalari tajriba-sinov tariqasida amaliyotga tatbiq etilishi aytib o‘tilgan edi.  Ayni paytda O‘zbekiston bo‘ylab qariyb 34 mingta onlayn NKM va virtual kassa o‘rnatilgan. Biroq iste'molchilar bilan hisob-kitob jarayonida ularning 14 128 tasidan foydalanilmayapti.

Ma'lumot uchun, 2020 yil 1 yanvardan alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi barcha tadbirkorlik sub'yektlari uchun onlayn nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish majburiy. Mazkur shoxobchalarda mijozga QR kodli chek berilishi shart.

Top