12:45 / 29.12.2020
3617

Ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilingan

O‘zbekistonda oxirgi ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilingan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada ma'lum qildi.

Foto: Ramil Sitdikov

Qayd etilishicha, korrupsiyaning oldini olishda, barcha davlat organlarida qaror qabul qilish jarayonlari, ochiq va faqat ochiq  bo‘lishini ta'minlash, hal qiluvchi ahamiyatga ega.

“Masalan, fuqarolarimiz joriy yildan boshlab ochiq e'lon qilinayotgan davlat xaridlariga oid ma'lumotlardan foydalanib o‘rinli masalalarni ko‘tarmoqda. Shuning uchun, Moliya vazirligi uch oy muddatda davlat idoralari budjetdan tashqari jamg‘armalarining daromad va xarajatlari, davlat ulushiga ega bo‘lgan tashkilotlar xaridlari, davlat subsidiya va grantlariga oid ma'lumotlarni e'lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi.

Oxirgi ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilingani bundan buyon ularning qaror qabul qilishida ochiqlikni ta'minlash zarurligini taqozo etmoqda. Shuning uchun, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlarini hisobga qo‘yish va e'lon qilish bo‘yicha elektron axborot tizimi joriy etiladi”, - dedi davlat rahbari.

Ta'kidlanishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bir oy muddatda ochiq e'lon qilinishi lozim bo‘lgan ma'lumotlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha taklif kiritadi.

Kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini baholaydigan, ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etiladi.

Mavzuga oid
Top